Fan olimpiadalari markazi tomonidan o‘tkaziladigan Asosiy olimpiadaning to‘rtinchi — Respublika bosqichi tabiiy fanlar bo‘yicha reja-grafikka muvofiq 23–26-mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda markaz telegram kanalida e’lon qilindi.
Olimpiada o‘tkazilish tartibi
Olimpiada fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha ikki bosqichda o‘tkaziladi:
1-bosqich — yozma ish.
Fizika va kimyo fanlaridan 5 tadan, biologiya fanidan esa 7 ta yozma topshiriq beriladi.
2-bosqich — laboratoriya ishi.
Barcha fanlar bo‘yicha 1 tadan laboratoriya topshirig‘i bajariladi.
Topshiriqlarni bajarish uchun 180 daqiqa (3 soat) vaqt ajratiladi.
Kimyo fani ishtirokchilari Mendeleyev davriy jadvali, fizika va kimyo fanlari ishtirokchilari esa kalkulyator olib kirishlari mumkin.
Olimpiada yakunlariga ko‘ra, fanlar kesimida eng yuqori natijani qayd etgan 3 nafar o‘quvchi mutlaq g‘olib deb topilib, ilk marotaba oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlanadi.
Olimpiada savollari ishtirokchilarga ta’lim tiliga mos ravishda o‘zbek yoki rus tillarida taqdim etiladi.
Ishtirokchilar auditoriyaga faqat quyidagi hujjatlar bilan kirishlari mumkin:
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
- maktabning maxsus ma’lumotnomasi;
- ruchka.
Eslatma: olimpiadaga telefon, ko‘chirma yozuvlar, ilmiy kalkulyatorlar va boshqa gadjetlarni olib kirish qat’iyan taqiqlanadi.
Olimpiada jarayonida adolat tamoyillariga zid holatlar kuzatilgan taqdirda, Markazning maxsus botiga yoki (+998 71 207 05 24) telefon raqamiga murojaat qilish mumkin.
