Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

Kecha, 5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, sohaga texnologiyalar transferini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinishi ma’lum qilindi.

 

Qayd etilishicha, ayni paytda farmatsevtika yo‘nalishidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ziyod olimlar faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, farmatsevtika oliygohlarini yiliga 1 mingga yaqin yoshlar tamomlamoqda.

 

Lekin sohada ilm-fan bilan sanoat bir-biridan “uzilib” qolgani sabab Kimyo-farmatsevtika, Vaksina va zardoblar hamda Sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinishi ma’lum qilingan.

 

Ushbu institut “Toshkent farma park”da joylashadi va olimlarga bu yerdagi korxonalar bilan ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish uchun sharoit yaratiladi.

 

Buning uchun, park hududida klinikoldi tadqiqotlarini o‘tkazish laboratoriyasi (vivariy), sinov-tadqiqotlar uchun bio va kimyo laboratoriyalari tashkil qilinadi. Shuningdek, 250 o‘rinli xalqaro klinik tadqiqotlar markazi ham barpo etiladi.

 

Yig‘ilish davomida Toshkent farmatsevtika instituti va Farmatsevtika texnik universitetining professor-o‘qituvchilari ham ilmiy faoliyatini farmapark hududida olib borishi qayd etilgan.

 

Oliygoh talabalari esa bu yerdagi korxonalarda dual-ta’lim asosida o‘qib, ishlaydi.

 

Ta’kidlanishicha, sohadagi olimlarni jalb qilib, yangi dorilarni ishlab chiqarishni boshlagan korxonalarning 100 ming dollargacha xarajati Farmatsevtika jamg‘armasidan kompensatsiya qilinadi.

 

Bundan tashqari, korxonalar mahalliy olimlar yaratgan yangi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysa, ularga ushbu tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va klinik sinov xarajatlari uchun 100 million so‘mgacha subsidiya beriladi.

 

Avvalroq, fevral oxirida o‘tkazilgan Prezident muloqotida xususiy o‘quv markazlarning soni 3 karra ko‘paygani sabab O‘quv markazlari uyushmasi tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.