TOP-300 xorijiy universitetlarga oʻqishga qabul qilingan yoshlar va pedagoglarga taʼlim krediti beriladi

TOP-300 xorijiy universitetlarga oʻqishga qabul qilingan yoshlar va pedagoglarga taʼlim krediti beriladi

Hukumatning tegishli qarori bilan “Xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga taʼlim kreditini ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 30 yoshgacha bo‘lgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan pedagoglar va yoshlarga ta’lim krediti ajratiladi.

 

Nizomga koʻra, taʼlim krediti quyida talablarga javob beradigan yoshlar (30 yoshdan oshmagan, shu jumladan, 30 yoshda boʻlgan) va pedagoglarga ajratiladi:

 

QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) boʻyicha TOP-300 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan;

 

– Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan.

 

Kredit ularning bakalavriat hamda magistratura dasturlarida taʼlim olishlari uchun ajratiladi. Kredit bir oʻquv yili uchun 20 ming AQSH dollarigacha miqdordagi ekvivalentda milliy valyutada ajratiladi.

 

Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng 7 oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.

 

Kredit oluvchi bankka murojaat qilishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

 

– ariza;

 

– shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;

 

– taklifnoma-xat (1-kurslar uchun);

 

– akademik oʻzlashtirish natijalari (2-kursdan boshlab);

 

– toʻlov-kontrakt asosida oʻqish boʻyicha shartnoma hamda oliy taʼlim tashkilotining bank rekvizitlari koʻrsatilgan invoys;

 

– birgalikda qarz oluvchilarning soʻnggi 12 oylik daromadlari yuzasidan maʼlumot;

 

– mehnat daftarchasidan koʻchirma (30 yoshdan oshgan pedagoglar uchun).

 

Taʼlim krediti stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi.

 

Ma’lumot o‘rnida, mazkur Nizom Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan imtiyozli taʼlim kreditini ajratish va ularni qaytarish tartibini belgilaydi.

 

Avvalroq, masofaviy ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalarga ta’lim krediti ajratilmasligi haqida xabar bergan edik.