Zamonaviy ta’lim muhitida bolalar tarbiyasiga ta’sir etuvchi ijtimoiy omillar

Zamonaviy ta’lim muhitida bolalar tarbiyasiga ta’sir etuvchi ijtimoiy omillar

Bugungi kunda jamiyat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar tarbiya jarayoniga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Ilgari bolalar ko‘proq ota-onalarining so‘zini so‘zsiz bajaradigan, kattalar bilan bahslashmaydigan va ularning qarorlarini muhokama qilmaydigan bo‘lgan.

 

Zamonaviy jamiyatda esa vaziyat ancha boshqacha. Hozirgi bolalar savol berishga, sabab va izoh talab qilishga hamda oilaviy va ijtimoiy masalalarni muhokama qilishda faol ishtirok etishga intiladi.

 

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi buning bir qator ijtimoiy omillarini sanab o‘tdi.

 

Axborot olish imkoniyati

 

Raqamli texnologiyalar rivojlanishi natijasida bolalar juda erta yoshdan boshlab internet orqali turli ma’lumotlarga ega bo‘la boshladi.

 

Ular turli madaniyatlar, hayot tarzi va xulq-atvor modellarini kuzatadi, videolar tomosha qiladi hamda boshqalarning tajribasidan xabardor bo‘ladi. Natijada, bolalarda o‘z huquqlari mavjudligi, shuningdek kattalar ham xato qilishi mumkinligi haqidagi tushunchalar shakllanadi.

 

Tanqidiy fikrlashning rivojlanishi

 

Zamonaviy maktab va muhit bolalarda mustaqil va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Maktablarda “nega?” va “bu qanday ishlaydi?” kabi savollar berish rag‘batlantiriladi.

 

Bunday yondashuv bolalarda tahlil qilish, sabab-oqibat munosabatlarini tushunish va dalillarga asoslanib fikr bildirish ko‘nikmalarini shakllantiradi. Shu sababli bola ushbu fikrlash uslubini ota-onasi va atrofidagi insonlar bilan bo‘lgan munosabatlarda ham qo‘llay boshlaydi.

 

Emotsional intellektning ahamiyati

 

So‘nggi yillarda psixologik salomatlik va emotsional intellektni rivojlantirish masalalari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ota-onalar o‘zlari ham “g‘amxo‘r” bo‘lishga intilmoqda, bu esa bolalarga o‘z fikrini erkin ifoda etish uchun imkon yaratadi.

 

Bunday muhit bolalarga o‘z fikrini erkin ifoda etish, his-tuyg‘ularini tushuntirish va boshqalarning fikrini hurmat qilish imkonini yaratadi.

 

Ongli intizomni shakllantirish

 

Yuqoridagi omillar bolalarda o‘z fikrini asoslab ayta olish ko‘nikmasini rivojlantiradi. Bola qaror qabul qilish jarayonida faol ishtirok etishni o‘rganadi va o‘z tanlovlari uchun mas’uliyatni his qila boshlaydi.

 

Shunda bolada tashqi majburlash asosidagi intizom emas, balki ongli intizom shakllanadi. Bu esa ota-ona va bola o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi hamda sog‘lom oilaviy muhitni yaratadi.

 

Ota-onalar uchun muhim tavsiyalar

 

Bugungi bolalar kattalarni ularning qarorlaridagi mantiqiylik, izchillik va adolatlilik uchun hurmat qiladi. Shuning uchu,n ota-onalar quyidagi jihatlarga e’tibor qaratishi muhim:

 

  • bolalar bilan ochiq va samimiy muloqot qilish;
  • qarorlarni tushuntirish va dalillash usulidan foydalanish;
  • bolaga savollar berish va uning fikriga qiziqish bildirish;
  • o‘zaro hurmat muhitini yaratish;
  • bolaning ham mustaqil nuqtayi nazarga ega bo‘lishi mumkinligini tan olish.

 

Zamonaviy jamiyat sharoitida tarbiya jarayoni ham yangicha yondashuvni talab etmoqda. Axborot texnologiyalari, ta’lim tizimi va psixologik yondashuvlarning rivojlanishi bolalarda mustaqil fikrlash va mas’uliyat hissini shakllantirmoqda.

 

Shu sababli ota-onalar va pedagoglar bolalarning fikrini tinglash, ular bilan muloqot qilish va hamkorlik asosida tarbiya berish orqali sog‘lom, ongli va mas’uliyatli shaxslarni tarbiyalashga erishishlari mumkin.