Prezident farmoniga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha farzandi bor talabalarga oliy ta’limni davom ettirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Ular kursdan kursga qolgan yoki talabalikdan chetlashtirilgan bo‘lsa ham, fanlar farqini o‘zlashtirish sharti bilan o‘qishni qayta davom ettirishi mumkin.
Prezidentining ‘‘Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida’’ gi farmoni e’lon qilindi.
Farmonda erta turmush qurish holatlarining oldini olish, vakolatli organ va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirilgan holda tashkil etish hamda idoralararo hamkorlikni ta’minlash, tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish kabi masalalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Unga ko‘ra, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab:
- (a) kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratiladi;
- (b) talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat beriladi va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi uch oy muddatda quyidagilar yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi:
- (a) homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga akademik ta’til davrida, ularning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratish;
- (b) masofaviy ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlarini oshirish orqali homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga ta’limni davom ettirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish;
- Akademik ta’tilga chiqqan, kursdan kursga qolgan va talabalar safidan chiqarilgan homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalar yuzasidan alohida statistik ma’lumotlarni yuritish.
2026-yil yakuniga qadar Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron tizimida erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida xabar berish imkonini beruvchi “O‘smir-signal” modulini ishlab chiqadi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish va FHDYO organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, diniy idora hamda boshqa manfaatdor idoralarning axborot tizimlari, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron tizimiga “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qiladi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida xalqaro va milliy ekspertlarni jalb qilgan holda tergovchi va sudyalar uchun “Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos protsessual jihatlari” maxsus o‘quv dasturini tashkil etadi.
Farmon mazmunini tushuntirish maqsadida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarida sud va huquqni muhofaza qilish organlari faxriylari ishtirokida ayollar va bolalarning huquqlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini oshirish borasida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilandi.
