Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan sud ajrimiga koʻra, Jizzax viloyati G‘allaorol tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli maktab direktori texnologiya fani o‘qituvchisidan pora talab qilgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, 2022-yil 10-avgustdan beri maktab direktori lavozimida ishlab kelayotgan mansabdor shaxs mazkur maktabning texnologiya fani o‘qituvchisidan dars soatlarini kamaytirmaslik va ishdan bo‘shatib yubormaslik uchun 300 AQSH dollari talab qilgan.
Departamentning G‘allaorol tuman bo‘limi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda maktab direktori ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat 2025-yil 2-sentyabr kuni soat 12:00 larda o‘zi ishlab kelayotgan maktabdagi xizmat xonasida sodir bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiobod tuman sudining 2026-yil 14-yanvardagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi ‘‘v’’ bandi bilan JKning 45-moddasini qo‘llab, ikki yil muddatga Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida va davlat ishtirokidagi korxonalar hamda davlat idoralarda mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

