Oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingini yuritish tartibi tasdiqlandi

Oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingini yuritish tartibi tasdiqlandi

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan oliy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish tartibi belgilandi.

 

Oliy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingi – taʼlim tashkilotlarining faoliyati samaradorligini belgilangan indikatorlar asosida baholash natijasida ularning reyting tizimida egallagan oʻrnini aniqlash tizimi hisoblanadi.

 

Milliy reytingni yuritishda maxsus platforma orqali ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va natijalarni avtomatik hisoblash imkonini beruvchi Agentlikning dasturiy ta’minotidan foydalaniladi.

 

Ta’lim sifati va sharoitlarini baholash maqsadida talabalar, professor-o‘qituvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida Agentlik tomonidan umummilliy so‘rovnoma o‘tkaziladi.

 

Umummilliy so‘rovnoma hisobot yilidan keyingi yilning 1-iyuniga qadar hisobot yili bo‘yicha tashkil etiladi.

 

Ushbu so‘rovnomada quyidagilar ishtirok etishi mumkin:

 

— ta’lim shaklidan qat’iy nazar ta’lim tashkilotining bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar;

 

— ta’lim tashkilotida faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchilar;

 

— hisobot yilida o‘qishni yakunlagan ta’lim tashkilotining bitiruvchilarini ishga qabul qilgan ish beruvchilar.

 

Mazkur so‘rovnoma bo‘yicha ta’lim tashkilotining natijalari ushbu tashkilotning bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar birgalikdagi jami sonining hamda asosiy shtatda va ichki oʻrindosh sifatida mehnat faoliyatini olib boruvchi professor-oʻqituvchilar birgalikdagi jami sonining kamida 20 foizi umummilliy so‘rovnomada ishtirok etgan taqdirda hisobga olinadi.

 

20 foizdan past ishtirok kuzatilgan taqdirda esa ta’lim tashkilotiga umummilliy so‘rovnoma asosida aniqlanadigan tegishli indikatorlar bo‘yicha ball berilmaydi.

 

Shuningdek, xalqaro miqyosda tan olingan THE (The Times Higher Education World University Rankings), QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings) va ARWU (Academic Ranking of World Universities) tashkilotlarining xalqaro oliy ta’lim tashkilotlari reytingida (sohalar bo‘yicha reytinglar bundan mustasno) O‘zbekiston Respublikasi nomidan o‘rinlarni egallagan ta’lim tashkilotlari bo‘yicha milliy reyting alohida yuritilishi mumkin.

 

Milliy reyting ma’lumotlari hisobot yilining oxirgi ish kuni holati bo‘yicha ushbu yilning yakuniy natijalariga asosan shakllantiriladi.

 

Bunda hisobot yilidagi “bitiruvchilarning bandlik holati” indikatori bo‘yicha ko‘rsatkichlarning, istisno tariqasida, o‘quv yili yakunlanganidan keyingi o‘n ikki oy yakuni bo‘yicha holati hisobga olinadi.