Toshkent davlat yuridik universitetida maxsus 3 yillik dastur asosida bakalavrlar tayyorlanadi

Toshkent davlat yuridik universitetida maxsus 3 yillik dastur asosida bakalavrlar tayyorlanadi

Toshkent davlat yuridik universitetiga mazkur universitet huzuridagi akademik litseylar, yuridik texnikumlar bitiruvchilari hamda oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar uchun ular tanloviga koʻra kirish mumkin boʻlgan bakalavr taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni tayyorlashning maxsus uch yillik taʼlim dasturi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi Hukumat qarori loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirildi.

 

Loyihaga muvofiq,

 

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetiga uning huzuridagi akademik litseylar, yuridik texnikumlar bitiruvchilari hamda oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar uchun ular tanloviga koʻra kirish mumkin boʻlgan bakalavr taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni tayyorlashning maxsus uch yillik taʼlim dasturi joriy etilishi, ularni qabul qilish va oʻqitish alohida qabul kvotasi va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshirilishi taklif etilmoqda.

 

Shuningdek qarorga ilova sifatida quyidagilar tasdiqlanishi rejalashtirilgan:

 

Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylar bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

 

Yuridik texnikumlar bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

 

Oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarni Toshkent davlat yuridik universitetiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq.

 

Abituriyentlar qabul parametrlaridan tashqari Universitet tomonidan ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, belgilangan oʻrinlar soniga mos ravishda toʻlov-kontrakt asosida Universitetning maxsus uch yillik taʼlim dasturiga oʻqishga qabul qilinadi.

 

Bunda qabul parametrlaridan tashqari oʻrinlar soni haqidagi maʼlumotlar har yili 10-iyunga qadar Universitetning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilinadi.

 

Universitetning maxsus uch yillik taʼlim dasturiga oʻqishga qabul qilish suhbat natijalariga koʻra reyting tizimi boʻyicha toʻplangan ballar asosida amalga oshiriladi.

 

Abituriyentlar quyidagi mezonlar asosida suhbatdan oʻtkaziladi:

 

—akademik litseylar dasturlari doirasida huquqiy fanlar boʻyicha bilim saviyasi va oʻzlashtirish darajasi;

 

yuridik mutaxassislikni tanlashdagi motivatsiyasi (yuridik mutaxassislikning mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunishi hamda unga doimiy qiziqishi);

 

nutq madaniyatining shakllanganligi, oʻz fikrini ravon ifoda etishi va tanqidiy fikrlash salohiyatiga egaligi;

 

—umumiy dunyoqarashning shakllanganligi, muntazam ravishda oʻz ustida ishlashi va ijodkorlik qobiliyati.

 

Bitiruvchilar har yili 20-iyunga qadar Universitetning maxsus uch yillik taʼlim dasturiga suhbat asosida test sinovlarisiz oʻqishga kirish uchun tavsiya qilishni soʻrab maxsus komissiyaga ariza beradi.

 

Maxsus komissiya faqat komissiya tashkil etilgan tegishli oʻquv yilidagi bitiruvchilarning arizalarini koʻrib chiqadi.

 

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

 

—bitiruvchining xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat;

 

bitiruvchining shaxsiy yutuqlari, akademik litseyning ijtimoiy hayotidagi faol ishtirokini (maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, jamoat ishlari, loyihalar, tanlovlar, olimpiadalar va boshqa tadbirlar) tasdiqlovchi hujjatlar.

 

Maxsus komissiya har yili 20-iyundan boshlab besh ish kuni ichida bitiruvchilarning hujjatlarini komissiya majlisida koʻrib chiqadi.

 

Maxsus komissiya quyidagi minimal talablarni inobatga olgan holda, Universitetning maxsus uch yillik taʼlim dasturiga suhbat asosida test sinovlarisiz oʻqishga kirish uchun tavsiya qiladi:

 

—bitiruvchining akademik litseydagi umumiy oʻzlashtirish koʻrsatkichi reyting natijalari boʻyicha 71 foiz va undan yuqori foizni tashkil qilishi, shuningdek, 5 baholik tizimda 4 baho va undan yuqori boʻlishi kerak. Bunda maxsus komissiyaga bitiruvchining umumiy oʻzlashtirish koʻrsatkichi toʻgʻrisidagi maʼlumot akademik litsey tomonidan taqdim etiladi.

 

—bitiruvchining xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi kamida B2 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga egaligi;

 

bitiruvchining shaxsiy yutuqlari, akademik litseyning ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki (maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, jamoat ishlari, loyihalar, tanlovlar, olimpiadalar va boshqa tadbirlar);

 

—bitiruvchining akademik litseydagi oʻqish davrida unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilmaganligi.

 

Maxsus komissiyaning qarori bilan tavsiya qilingan abituriyentlar har yili 5-iyuldan 25-iyulga qadar TDYUU rektori nomiga universitetning maxsus uch yillik taʼlim dasturiga oʻqishga qabul qilish haqida Internet jahon axborot tarmogʻi orqali elektron shaklda ariza yuboradi.

 

Yakka tartibda suhbat muvaffaqiyatli oʻta olgan abituriyentlar toʻlov kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.

 

Oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar uchun qabul parametrlari universitetning ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda Universitet kengashi tomonidan belgilanadi hamda har yili 1-iyulga qadar Universitet rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

 

Ushbu abituriyentlar har yili 10-iyuldan 10-avgustga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron tizimi orqali roʻyxatdan oʻtadi.

 

Abituriyentlar roʻyxatdan oʻtishda maxsus elektron tizimga oʻzining shaxsiy maʼlumotlarini kiritadi va quyidagi hujjatlarni yuklaydi:

 

oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatning nusxasi (yoki diplomdan koʻchirma – Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarini davlat granti asosida oʻqib tugatganlar uchun);

 

—oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatning ilova nusxasi.

 

Oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarni Universitetning “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishining maxsus uch yillik taʼlim dasturiga abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish Bilimni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari shaklida amalga oshiriladi.

 

Oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishining faqat mutaxassislik fanlari va chet tili doirasida test jarayonlariga qatnashadi. Bunda, umumiy tartibdagi kirish imtihonlarida qoʻllaniladigan imtiyozlar (xorijiy tilni bilish boʻyicha sertifikatlar bundan mustasno) maxsus uch yillik taʼlim dasturiga tatbiq etilmaydi.