Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-yilgi attestatsiya sinovlarida katta bahslarga sabab bo‘lgan tarix fani bo‘yicha test savoli yuzasidan yakuniy qarorini e’lon qildi.
Endilikda “vestgotlar” javobini belgilagan o‘qituvchilarning ham natijalari qayta hisoblanadi va ularga tegishli ballar qo‘shib beriladi.
Vazirlikning rasmiy qarori
Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza natijasida, attestatsiya testidagi Vizantiya va Ispaniya hududlariga doir savolda ikki xil ilmiy talqin mavjudligi tan olindi. Shunga ko‘ra:
Testda ushbu savol tushgan pedagoglarning natijalariga o‘zgartirish kiritiladi;
Savoldagi A) Langobardlar va B) Vestgotlar variantlari birdek to‘g‘ri javob sifatida hisobga olinadi.
Darslik va ilmiy fakt to‘qnashuvi
Bahsga sabab bo‘lgan savol “Yustinian vafotidan so‘ng, Vizantiyadan Ispaniyani tortib olgan qabila” haqida bo‘lib, unda maktab darsligidagi “langobardlar” ma’lumoti asos qilib olingan edi. Biroq 1000 nafardan ortiq pedagog akademik manbalarga tayanib “vestgotlar” javobini to‘g‘ri deb hisoblagan.
Sud va xalqaro ekspertiza jarayoni
Vazirlik qarori e’lon qilinishidan avval mazkur masala bir necha bosqichli sud jarayonlaridan o‘tdi. O‘qituvchilar o‘z pozitsiyasini isbotlash uchun AQSh (Pensilvaniya universiteti), Ispaniya (Salamanka universiteti) va Fransiya (Bordo universiteti) olimlarining rasmiy xulosalarini taqdim etishdi.
Xalqaro ekspertlar langobardlarning Ispaniya hududida hukmronlik qilmaganini, bu hudud vestgotlar tomonidan nazorat qilinganini tasdiqlagan.
Mavzuga doir: O‘qituvchi attestatsiyadagi bahsli savol yuzasidan Prezidentga murojaat yo‘lladi.
