‘‘Yurisprudensiya” yo‘nalishida bekor qilingan imtiyozlar, chet elliklar uchun o‘zbek tilini bilish imtihonlari, qisqaradigan arxiv ma’lumotlarini berish muddati: Talimxabarlari.uz 2026-yil 1-martdan ta’lim sohasida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni bir joyga to‘pladi.
‘‘Yurisprudensiya” yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda ayrim imtiyozlar bekor qilinadi
2025-yilning 26-noyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilingan edi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan boshlab abituriyentlarni “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari, ichki ishlar organlari xodimlari, fan olimpiadalari g‘oliblari, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga tatbiq etiladigan imtiyozlardan tashqari “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishiga aloqador bo‘lmagan oliy ta’lim tashkilotlariga kirishdagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilishi to‘xtatiladi.
Toshkent davlat yuridik universitetda “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishidan boshqa turdosh ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari uchun ikki yillik magistratura mutaxassisligi joriy qilinadi.
Bundan tashqari, endilikda TDYU huzuridagi akademik litseylarning barcha fanlar bo‘yicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilari “yurisprudensiya yo‘nalishidagi oliy ta’lim tashkilotlariga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali, to‘lov-kontrakt asosida qabul parametrlaridan tashqari kirish” huquqiga ega bo‘ladilar. Avval bu imtiyoz faqatgina TDYU uchun qo‘llanilgan bo‘lib 2026-yil 1-martdan boshlab barcha oliygohlarning ushbu yo‘nalishlariga kirishda amal qiladi.
“Sun’iy intellekt bo‘yicha eng yaxshi loyiha” tanlovi o‘tkaziladi
Prezident farmoniga asosan sun’iy intellekt bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “Eng yaxshi startap”, vazirlik va idoralar o‘rtasida “Eng yaxshi loyiha” tanlovlari o‘tkazilishi belgilangan edi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan boshlab yiliga ikki marotaba eng yaxshi sun’iy intellekt loyihalarini joriy etgan vazirlik va idoralar o‘rtasida “Sun’iy intellekt bo‘yicha eng yaxshi loyiha” tanlovi o‘tkaziladi.
Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili imtihonlari joriy etiladi
Hukumatning tegishli (28.01.2026-yildagi 31-sonli) qaroriga muvofiq, chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash hamda malaka sertifikatini berish tizimi joriy etiladi.
Unga ko‘ra, joriy yil 1-martdan boshlab CEFR mezonlariga muvofiq chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilishning A1, A2 va B1 darajalari bo‘yicha malaka sertifikatini berish uchun imtihonlar joriy etiladi. Roppa rosa 1 yildan keyin, ya’ni, 2027-yil 1-martdan boshlab esa B2, C1 va C2 darajalari bo‘yicha xuddi shunday imtihonlar joriy etiladi.
“Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida tadbirlar o‘tkaziladi
Prezidentning «Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, 1-martdan boshlab Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib qilish maqsadida “Buyuk temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishini ta’minlash uchun xorijiy davlatlarda “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida taqdimotlar, media tadbir va anjumanlar o‘tkaziladi.
Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasasida oʻqiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv maʼlumotnomasini berish muddati qisqartiriladi
Prezidentning 2025-yil 24-noyabrda “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilingan edi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasasida oʻqiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv maʼlumotnomasini berish muddati 5 ish kunidan 2 ish kunigacha qisqartiriladi.
Shuningdek, 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti bo‘lib o‘tgan edi.
Unda 1-martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasidan qoplab berilishi aytilgan edi.
