3 yil mehnat, A+ natija: yana bir 11-sinf o‘quvchisi 4 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi

3 yil mehnat, A+ natija: yana bir 11-sinf o‘quvchisi 4 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi

Toshkent viloyati Angren shahridagi 20-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Parizoda Fatullayeva bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

 

Ma’lum qilinishicha, u biologiya fanidan A+, kimyo fanidan A, o‘zbek tili va adabiyotidan A hamda tarix fanidan B darajali milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan.

 

Talimxabarlari.uz muxbiri yuqori natijalarga erishgan Parizoda Fatullayeva bilan suhbatlashdi. Intervyuda u tayyorgarlik jarayoni, imtihon tajribasi va tengdoshlariga tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

 

“Sertifikat olish fikri 10-sinfda paydo bo‘lgan”

 

Parizodaning aytishicha, u Toshkent davlat tibbiyot universitetiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.

 

 Sertifikat olish fikri 10-sinfda paydo bo‘lgan. O‘shandan boshlab maqsadimni aniq belgilab, tayyorgarlikni boshlab yubordim, — deydi u.

 

U uzoq muddat davomida asosiy fanlari — kimyo va biologiyaga tayyorlangan:

 

Kimyo va biologiyadan 3 yil davomida muntazam tayyorgarlik ko‘rdim. O‘zbek tili va adabiyotiga 4 oy, tarix faniga esa 6 oy tayyorlandim. Shuningdek, tez orada matematikadan ham sertifikat olaman unga 2 oy tayyorlandim, — deya ta’kidlaydi o‘quvchi.

 

“Savollar qiyin emas, tayyorgarlik muhim”

 

Parizodaning fikricha, savollarning murakkabligi o‘quvchining bilim darajasiga bog‘liq:

 

Savollar qiyin bo‘lmaydi, agar o‘quvchida tayyorgarlik zo‘r bo‘lsa. Yetarli bilim va mashq bo‘lsa, imtihonda qiyinchilik tug‘ilmaydi.

 

Bir vaqtning o‘zida maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlikka qanday ulgurdingiz?

 

O‘quvchining so‘ziga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlikni olib borish biroz qiyin bo‘lgan. Lekin, u vaqtini to‘g‘ri taqsimlashga erishgan.

 

 O‘qishni qat’iy reja asosida olib borish orqali hamma narsaga ulgurish mumkin. Rejasiz harakat qilish vaqtni yo‘qotishga olib keladi, — qo‘shimcha qiladi u.

 

Shuningdek, imtihon vaqtida o‘ziga ishonch ham muhim o‘ynaydi.

 

Ba’zida bilimi yetarli bo‘lgan o‘quvchi hayajon sababli past natija olishi mumkin. Shuning uchun, o‘zini ruhiy jihatdan ham tayyorlash zarur.

 

“Diqqat – yuqori ballning kaliti”

 

Parizodaning ta’kidlashicha, testda yuqori ball olishda diqqat muhim ahamiyatga ega.

 

Testda yuqori natija olish uchun ‘‘diqqat’’ katta ahamiyatga ega. Savollarni yaxshilab “mag‘zini chaqish” kerak. Diqqatli bo‘lishga nafaqat test vaqtida, balki tayyorgarlik jarayonida ham e’tibor qaratish zarur. Chunki o‘qish mobaynida chalg‘ituvchi omillar juda ko‘p bo‘ladi.

 

Telefon va ijtimoiy tarmoqlarni qanday nazorat qildingiz?

 

Telefon va ijtimoiy tarmoqlar masalasida Parizoda muvozanat tarafdori:

 

Telefon haqiqatan ham o‘quvchini chalg‘itadi. Lekin “screen time”ni me’yoriga keltirib, reja asosida foydalanish zararlarni kamaytirishi mumkin.

 

Milliy sertifikat olishni istagan tengdoshlaringizga nima maslahatlar bera olasiz?

 

Suhbat yakunida Parizoda milliy sertifikat olishni istagan tengdoshlariga quyidagi maslahatlarni berdi:

 

Boshlagan ishda qat’iyatli bo‘lishni maslahat beraman. Kutgan natija har doim ham kutilgan vaqtda kelmasligi mumkin. Lekin harakatdan to‘xtamasdan davom etgan odam, albatta, maqsadiga erishadi. Bir martada o‘xshamasa, ko‘ngilni cho‘ktirib o‘tirishdan ko‘ra, harakatni davom ettirib, dars qilish foydaliroq.

 

Parizodaga o‘qishlarida omad va muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, ushbu maktabning 11-sinf o‘quvchisi Laziza Risbekova bir nechta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.