Ona tili va adabiyot bo‘yicha milliy sertifikat imtihonlarida test va yozma ish uchun alohida vaqt belgilash rejalashtirilyapti. Bu haqida Milliy matbuot markazida Bilimni va malakalarni baholash agentligi ishtirokida matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Talimxabarlari.uz jurnalistining tadbirdan mas’ullarga tayanib, xabar berishicha, hozirgi vaqtda tizim tahlil bosqichida. Agar aprobatsiya jarayonlari muvaffaqiyatli o‘tsa, bu tizim amaliyotga joriy etiladi.
«– Hozirgi vaqtda Bilim va malakalarni baholash agentligi aynan ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlariga qatnashgan talabgorlarning fikrini o‘rganyapti. Shuningdek, ushbu fan bo‘yicha ekspertlarning fikrlarini ham olyapmiz.
Olingan tahliliy ma’lumotlardan so‘ng [ushbu tizimni] aprobatsiyadan o‘tkazamiz va shundan so‘ng yakuniy xulosaga kelib, amaliyotga joriy etamiz», – dedi Bilim va malakalarni baholash agentligi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Odilov.
Eslatib o‘tamiz, ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihoni uchun ajratiladigan vaqt bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilmoqda.
Soʻrovnomada ona (oʻzbek, rus, qoraqalpoq) tili va adabiyot fanidan 2025-yil 1-3-, 8-9-noyabr yoki 2026-yil 31-yanvar, 1-2-, 7-8-fevral kunlari oʻtkazilgan milliy sertifikat imtihonlarida ishtirok etgan talabgorlar qatnashishi mumkin.
Soʻrovnoma o‘tkazish uchun maxsus Telegram-bot ishlab chiqilib, savollar ushbu botga joylashtirilgan.
