Farg‘onadagi ayrim bog‘chalarda zaharlangan bolalarning 22 nafariga sogʻligʻi yaxshilangani munosabati bilan uyga ketishga ruxsat etilgan. Qolgan 40 nafar bemorlarning ahvoli ham nisbatan qoniqarli.
Joriy yilning 20-fevral kuni Farg‘ona shahridagi 61-,58-,22- va 2-sonli bog‘cha tarbiyalanuvchilari yuqumli kasalliklar shifoxonasiga zaharlanish alomatlari bilan yotqizilgan edi. Bolalar shifoxonaga tana haroratini koʻtarilishi, qorinda ogʻriq, holsizlik, koʻngil aynishi, ich oʻtishi belgilari bilan murojaat qilishgan.
Fargʻona viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi davolovchi vrachlar tomonidan bemorlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, “Oʻtkir diareya kasalligi, alimentar etiologiyali” tashxisi bilan diyareya boʻlimiga yotqizilgani, hozirda boʻlimda 62 nafar bemorlar statsionar davolanayotgan boʻlib, holati yaxshi ekanligi haqida ma’lum qilgan edi.
Boshqarma tomonidan bolalarning salomatligi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2026-yil 25-fevral soat 08:00 holatiga koʻra, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda Fargʻona shahar bolalar shifoxonasida davolangan 22 nafar bola sogʻligʻi yaxshilangani munosabati bilan uyiga ruxsat etilgan. Ular ambulator nazoratda.
Qolgan 40 nafar bemorlarning ahvoli nisbatan qoniqarli. Bugun kun oxiriga qadar yana bir necha nafar bolani uyiga javob berish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar tomonidan MTT oshxonalari va oziq-ovqat yetkazib beruvchi korxonada tekshiruvlar oʻtkazilib, laboratoriya namunalari tahlilga yuborilgan. Natijalar 10 kun ichida jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
