Maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 million so‘mdan mukofot beriladi

Maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 million so‘mdan mukofot beriladi

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti davom etmoqda. Muloqot davomida kitobxonlikni targ’ib qilish masalalariga ham to’xtalib o’tildi.

 

Har yili yurtimizda 270 mingga yaqin yangi oila paydo bo‘lmoqda.

 

“Yosh oilalar uchun eng avvalo nima kerak? Albatta, qulay va shinam uy-joy zarur. Shuni hisobga olib, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasini 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab beriladi”, – dedi Prezidentimiz.

 

Axborot xurujlari avj olayotgan bugungi kunda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolishi qayd etildi.

 

Bu ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun tuzilgan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali eng iste’dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma beriladi va bir yil davomida oyiga 20 million so‘mdan haq to‘lanadi.

 

Eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmi qoplanadi.

 

Mutasaddilarga yangi o‘quv yiligacha eng yaxshi 100 ta asardan iborat kitoblar to‘plamini tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish topshirildi. Maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 million so‘mdan mukofot beriladi.

 

Kutubxona, “book cafe” va kitob do‘konlari ochib, kitob savdosini oyiga 10 ming donadan oshirgan tadbirkorlarga uch yilga 1 milliard so‘mgacha 7 foizli ssuda berish yo‘lga qo‘yiladi.

 

Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tab bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy hayotga tez moslashishini ta’minlash muhim ekani ta’kidlandi.

 

Buning uchun “Ikkinchi imkon» loyihasi boshlanadi.

 

Bunday yoshlar 8-12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillarga o‘qitilib, daromadli ishga ega bo‘ladi.

 

Mazkur tizim 1-iyundan Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida, kelasi yildan esa barcha hududlarda joriy qilinadi.

 

Shuningdek, o‘quv markazlari uyushmasi tashkil etilishi haqida ham xabar bergan edik.