Bugun, 24-fevralda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan muloqotda xususiy o‘quv markazlarning soni 3 karra ko‘paygani sabab O‘quv markazlari uyushmasi tashabbusi ilgari surilgan.
Ta’kidlanishicha, xorijiy til sertifikatini olgan yoshlarga imtihon va o‘qish xarajatini qoplash yo‘lga qo‘yilgani katta samara bergan. Sertifikatga ega yoshlar 600 mingdan oshgan. Eng muhimi, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 mingta instruktor paydo bo‘lgan.
Xususan, xususiy o‘quv markazlarining soni 3 karra ko‘payib, 38 mingdan oshgan. Mazkur yo‘nalishdagi yosh tadbirkorlar O‘quv markazlari uyushmasini tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan. Prezident esa buni qo‘llab-quvvatlagan.
Endilikda uyushmaga a’zo bo‘lgan xususiy o‘quv markazlariga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Bunday markazlarning o‘qituvchilarini Yoshlar ishlari agentligi hisobidan AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya kabi ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuborish yo‘lga qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, “Ko‘mak” dasturi doirasida 130 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yilgani uchun olis va chekka hududlarda olti oy ichida xorijiy til o‘rgatadigan 120 dan ziyod o‘quv markazi ish boshladi. Bunday o‘quv markazlarini tashkil qilib, tajriba orttirgan yosh tadbirkorlar atrofida AT va zamonaviy kasb markazi, kutubxona, sport to‘garaklarini ochish taklifini bermoqda.
Bunda, “Ko‘mak” loyihasi doirasida o‘z biznesini boshlab, yaxshi natija ko‘rsatayotgan yoshlar faoliyatini kengaytirish uchun 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Endi olis hududlardagi o‘quv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi, ulardagi o‘qituvchilar uchun daromad solig‘i 7,5 foiz bo‘ladi (hozir ijtimoiy va daromad solig‘i 12 foizdan to‘lanadi).
Yoshlar ishlari agentligiga xususiy o‘quv markazlari bilan hamkorlikda yiliga 20 ming yoshni kelajak kasblariga o‘qitish dasturini ishga tushirish, har bir tumanga 500 million so‘mgacha ssuda ajratib, texnikum va o‘quv markazlarida kasb-hunar laboratoriyasini tashkil qilish topshirildi.
