Texnikumlarda ham ‘‘Work and travel’’ dasturi joriy qilinib, o‘quvchilarning yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi

Texnikumlarda ham ‘‘Work and travel’’ dasturi joriy qilinib, o‘quvchilarning yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi

Xabar berganimizdek, Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.

 

Muloqot davomida agentlik va hokimlarga qaysi texnikumda kasbga o‘qitish dasturini qayta ko‘rib chiqib, ish beruvchilarning talabiga moslash, qaysi biriga kasb-hunar va “dual ta’lim” bo‘yicha eng yaxshi tajribalarni olib kelish kerakligi va texnikumlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash bo‘yicha masalalarni tezkor hal qilib borish topshirildi.

 

Hokimlar texnikum binosi va yerlari boshqa maqsadlarda berilmasligi, direktorlari esa faoliyatiga tegishli bo‘lmagan yig‘ilishga chaqirilmasligi haqida ogohlantirildi.

 

Har yili kamida 100 tadan texnikumni to‘liq ta’mirlab, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlash maqsad qilib olindi.

 

“Dual ta’lim” qamrovini yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Har oyda texnikumlarda “Kasbiy rivojlanish kuni” va mehnat yarmarkalari tashkil qilinadi. Texnikumlarga ham oliygohlar kabi “spin-off” ochishga ruxsat beriladi. Bunda o‘quvchilarning startap loyihalariga 1 milliard so‘mgacha ajratiladi.

 

Joriy yildan xuddi oliygoh talabalari kabi texnikum o‘quvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi asosida olti oy davomida xorijda ishlab, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi. Bunda dasturda ishtirok etuvchi texnikum o‘quvchilariga yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi.

 

Avvalroq, kamida 40 ming yoshlar biznesga o‘qitilib, eng yaxshilariga 200 milliongacha ssuda berilishi haqida xabar bergan edik.