Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqotda ma’lum qildi.
Garvard, Stenford, London iqtisodiyot maktabi kabi nufuzli oliygohlar ilg‘or tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishda hamkorlik qilishga tayyorligi aytildi.
Yoshlar ishlari agentligiga ushbu xorijiy oliygohlar bilan kamida 40 ming yoshlarni biznesga o‘rgatadigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini boshlash topshirildi.
Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda beriladi.
Har yili “Yosh tadbirkorlar” tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun “Yoshlar venchurs” jamg‘armasidan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Banklar bittadan konsalting kompaniya tashkil qilib, joriy yilda 50 ming yosh tadbirkorga biznes reja tayyorlashiga ko‘maklashib, ularning xarajatini qoplab beradi. Yirik savdo tarmoqlari vakillari va malakali mutaxassislar jalb qilinib, kamida 20 ming yosh tadbirkorlikka o‘qitiladi.
Shu bilan birga, 1-martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasidan qoplab beriladi.
Shuningdek, bitiruvchilarga stajirovka dasturi orqali oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lanadi
