O‘zbekistonda haftaning har payshanba kuni ‘‘Yoshlar kuni’’ etib belgilandi

O‘zbekistonda haftaning har payshanba kuni ‘‘Yoshlar kuni’’ etib belgilandi

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti bo‘lib o‘tmoqda. Unga ko‘ra, haftaning har payshanba kuni ‘‘Yoshlar kuni’’ bo‘ladi.

 

Qayd etilishicha, har payshanba vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” bo‘lishi munosabati bilan sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarni eshitadi va muammosini hal qiladi.

 

Hokimlar yoshlarbop savdo-servis loyihalarini qiladi, yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va til o‘rganib, ishga kirishi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashadi, startapchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, alohida mablag‘ va grantlar ajratadi.

 

Eng yaxshi tomorqachi, fermer, sanoatchi, startapchi, ijodkor, ma’naviyat va boshqa sohalardagi yoshlar uchun qiziqarli mavzularda tanlovlar va yarmarkalar o‘tkaziladi.

 

“Albatta, yangi metodika va innovatsiya olib kirib, ta’lim sifatini oshirish va bolalarni kasbining ustasi qilish haqida izlanadigan rahbarning faoliyatida o‘zgarish bo‘ladi, ishiga yangicha muhit kiradi”, – dedi davlat rahbari.

 

Muloqot davomida so‘nggi yillarda yoshlar jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani ta’kidlandi.

 

Shuningdek, Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikda o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlar 3,5 ming nafardan oshgan.

 

O‘zbekistonlik yosh sportchilar esa xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza medalining sohibi bo‘lgan.