Ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihoni uchun ajratiladigan vaqt bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilmoqda

Ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihoni uchun ajratiladigan vaqt bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilmoqda

Bilimni baholash agentligi tomonidan ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonida ajratiladigan vaqt boʻyicha soʻrovnoma tashkil etilgani maʼlum qilindi.

 

Maʼlumki, ona (oʻzbek, rus, qoraqalpoq) tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarida ochiq va yopiq turdagi test topshiriqlarini bajarish hamda esse yozish uchun umumiy 3 soat vaqt ajratiladi.

 

Soʻrovnomada mazkur imtihonda yopiq va ochiq turdagi test topshiriqlari uchun alohida, yozma ish (esse) uchun esa alohida vaqt belgilanishi mumkinligi taʼkidlanib, vaqt taqsimoti qanday boʻlishi lozimligi yuzasidan fikr soʻralgan.

 

Talabgorlarning munosabatini oʻrganish maqsadida maxsus Telegram-bot ishlab chiqilib, soʻrovnoma ushbu bot orqali joylashtirilgan.

 

Qayd etilishicha, soʻrovnomada ona (oʻzbek, rus, qoraqalpoq) tili va adabiyot fanidan 2025-yil 1-3-, 8-9-noyabr yoki 2026-yil 31-yanvar, 1-2-, 7-8-fevral kunlari oʻtkazilgan milliy sertifikat imtihonlarida ishtirok etgan talabgorlar qatnashishi mumkin.

 

Eslatib oʻtamiz, avvalroq mazkur fan boʻyicha mustaqil oʻqish uchun tavsiya etilgan adabiyotlar roʻyxati qayta shakllantirilgani haqida xabar berilgan edi.

 

Mazkur oʻzgarish joriy yilning yanvar oyi oxiri hamda fevral oyida boʻlib oʻtadigan imtihonlarga tatbiq etilmaydi. Yangilangan adabiyotlar roʻyxati aprel oyidan boshlab oʻtkaziladigan imtihonlarda qoʻllanilishi taʼkidlangan.

 

Shuningdek, 2026-yilning birinchi yarmida oʻtkaziladigan sertifikat imtihonlari roʻyxatida may oyi uchun umumtaʼlim fanlaridan milliy sertifikat imtihoni nega kiritilmagani haqida ham maʼlumot berilgan edi.