Emotsional intellekt nima va uni shakllantirish nega muhim?

Emotsional intellekt nima va uni shakllantirish nega muhim?

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan chiqarilgan tavsiyaviy materialda bolalarda his-tuyg‘ularni anglash, ifodalash va boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirishning ahamiyati batafsil tushuntirilgan.

 

Markaz mutaxassislariga ko‘ra, emotsional intellekt — bu insonning o‘z his-tuyg‘ularini va boshqalarning emotsiyalarini tushunish, ularni to‘g‘ri tanib olish hamda boshqarish qobiliyatidir. Ushbu ko‘nikma bolaga tengdoshlari bilan sog‘lom munosabat o‘rnatish, murakkab vaziyatlarda o‘zini tutish va kelajakda muvaffaqiyatga erishishda yordam beradi.

 

His-tuyg‘ularni yashirish emas, tushunish muhim

 

Materialda ta’kidlanishicha, bolaga his-tuyg‘ularni ichga yutib yurish emas, balki ularni to‘g‘ri tushunish va nomlash o‘rgatilishi kerak. Emotsiyalar — bu qiyinchiliklarni yengish, do‘stlashish va maqsadlarga erishishda yordam beradigan tabiiy holatdir.

 

Masalan, bolaga quyidagicha ifoda qilish ko‘nikmasini berish tavsiya etiladi:

 

“Men jahlim chiqyapti, chunki…”

 

“Men xafa bo‘ldim, chunki…”

 

Bu usul bola o‘zini yaxshiroq anglashiga yordam beradi.

 

Boshqalarni tushunish va sababini anglash

 

Boshqalarning his-tuyg‘ularini anglash ko‘nikmasini rivojlantirish muhimligini qayd etadi. Buning uchun bola yuz ifodasi, imo-ishora va nutqqa e’tibor qaratishni o‘rganishi lozim.

 

Shuningdek, har bir emotsiyaning sababini tushunish ham muhim:

 

“Seni o‘yinga qo‘shishmagani uchun xafa bo‘lding.”

 

“Men charchadim, shuning uchun hozir o‘ynashni xohlamayman.”

 

Bu yondashuv bolada empatiya va ongli munosabatni shakllantiradi.

 

Emotsiyalarni boshqarish – o‘ziga va boshqalarga zarar yetkazmaslikka xizmat qilishi ta’kidlangan.

 

Bu amalda qanday ko‘rinadi?

 

Bola jahli chiqqanda hammaga baqirmasdan, bosiqlik bilan: “Mening jahlim chiqyapti” deb ayta oladi.

 

U yig‘layotgan do‘stini yupatadi, chunki uning og‘rig‘ini tushunadi.

 

U janjaldan keyin tinchlana oladi va yana o‘yinga diqqatini jamlay oladi.

 

Barcha his-tuyg‘ular muhim

 

Barcha emotsiyalar — quvonch, qayg‘u, qo‘rquv yoki jahldorlik — tabiiy va zarur holatdir. Ularni yashirish yoki ulardan qo‘rqish kerak emas. Aksincha, ularni tushunish va boshqarish insonning shaxsiy rivojlanishiga xizmat qiladi.

 

Ota-onalar namuna bo‘lishi kerak

 

Ota-onalar avvalo o‘zlari his-tuyg‘ularini ochiq va ongli ravishda ifoda etishi, bolaga amaliy namuna ko‘rsatishi lozim. Shunda bola emotsiyalarga sog‘lom munosabatni kundalik hayotda o‘rganadi.