Vaqtni boshqarish va hayajonni yengish: muddatidan oldin 189 ball to‘plagan o‘quvchi tajribasi

Vaqtni boshqarish va hayajonni yengish: muddatidan oldin 189 ball to‘plagan o‘quvchi tajribasi

Buxoro viloyati Peshku tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf o‘quvchisi Feruza Fayzullayeva bir nechta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talabalik uchun kerak ballni to‘pladi.

 

U o‘zbek tili va adabiyotidan A, tarixdan B, matematikadan C+, ingliz tilidan esa IELTS 6.5 ball darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

 

Talimxabarlari.uz muxbiri mazkur o‘quvchi bilan suhbatlashib, tayyorgarlik jarayoni, imtihon tajribasi hamda muhim tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

 

“Dastlab milliy sertifikat haqida tasavvurim yo‘q edi”

 

Feruza hozircha qaysi oliygohga hujjat topshirish borasida yakuniy qarorga kelmaganini aytadi. Uning rejalari xalqaro munosabatlar, tarjima nazariyasi yoki filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili yo‘nalishidan tashqari) bilan bog‘liq.

 

9-sinfdan ingliz tiliga tayyorlana boshlaganman. To‘g‘risi, o‘sha paytda milliy sertifikat haqida umuman tushuncham yo‘q edi. Ingliz tili sertifikatimni olganimdan so‘ng, maktabimizdagi milliy sertifikat kurslariga qiziqish bilan qatnasha boshladim. Keyinchalik sertifikat bilan universitetga kirish mumkinligini bilib, natijalarim o‘zim xohlagandek bo‘lishi uchun jiddiy harakat qildim.

 

Feruzaning fikricha, tayyorgarlik jarayonining yengil o‘tishida muhitning roli katta.

 

Biz qizlar bilan o’tilgan darsni yaxshiroq tushunish uchun o’zimiz ham izlanardik va hammamiz bir-birimizga yordam berganmiz, — deydi u.

 

Har bir fan uchun alohida mehnat

 

O‘quvchi ingliz tiliga bir yil, tarixga 4 oy, matematikaga 3 oy va ona tiliga 1,5 oy tayyorlangan. Imtihon savollari esa har bir fandan turlicha taassurot qoldirgan.

 

Ingliz tili qiyin bo‘lmadi, faqat ayrim bo‘limlarda qiynaldim va vaqt yetmay qoldi. Ona tilida testdan ko‘nglim to’lmagan, savollar darajasi o’zim kutgandek edi lekin esse mavzusi men uchun biroz qiyinlik qilgan. Tarixda yozma qismi qiyinroq bo‘ldi, lekin test yaxshi o‘tdi. Matematika esa men o‘ylaganimdan ancha murakkab chiqdi, savollar shakli ham avvalgilariga o‘xshamas edi, — deydi u.

 

“Vaqtni bahona qilmaslikka qaror qildim”

 

Feruzaning aytishicha, maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlikni birga olib borish boshida qiyin bo‘lgan.

 

Ochig‘ini aytsam, boshida oson bo‘lmagan. Lekin vaqtni bahona qilmaslikka qaror qildim. Kunimni oldindan rejalashtirardim. Maktabdan keyin ma’lum soatlarni faqat sertifikatga tayyorgarlikka ajratdim. Ijtimoiy tarmoqlar va ortiqcha mashg‘ulotlarga ketadigan vaqtni cheklashga harakat qildim.

 

“Psixologik tayyorgarlik juda muhim”

 

Imtihonda nafaqat bilim, balki o‘zini boshqara olish qobiliyati ham sinovdan o‘tadi. Hayajon va vaqt bosimi ostida o‘zini yo‘qotmaslik juda muhim. Ruhiy jihatdan tayyor bo‘lmagan inson bilimini to‘liq namoyon qila olmasligi mumkin.

 

Test ishlash strategiyasi

 

Feruza testda 3 ta muhim qoidaga amal qilganini aytadi:

 

  • avval eng oson savollardan boshlash, qiyinlarini oxiriga qoldirish;
  • varaqani ikki marta tekshirish emas, ongli ravishda tahlil qilish – oxirgi daqiqalarda shunchaki ko‘z yugurtirmaslik kerak. Har bir shubhali savolga “nega aynan shu javob?” degan savolni berish ma’qul;
  • noto‘g‘ri variantlarni chiqarib tashlash orqali to‘g‘ri javobni aniqlash.

 

Qiyin savolga bosh qotirib qolish “ishlay olmayman” degan fikrni keltirib chiqaradi. Bu esa asabiylashishga olib keladi va qolgan savollar uchun aniq fikr yuritilmaydi, — deydi u.

 

“..o‘zini nazorat qila bilishi kerak”

 

Diqqatni buzadigan narsa telefon emas — intizomning yetishmasligi. Eng yaxshi usul taymer bilan dars qilish ya’ni hech nimaga chalg‘imasdan ma’lum bir muddat ichida faqat dars qilinadi va orada 5-10 daqiqalik tanaffus bo‘ladi (masalan, pomodoro texnikasi). Natijaga erishish uchun o‘quvchi o‘zini nazorat qila bilishi kerak deb o‘ylayman.

 

“O‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamang”

 

Suhbat yakunida Feruza tengdoshlariga quyidagi maslahatni beradi:

 

Oldindan aniq reja tuzing, vaqtingizni to‘g‘ri taqsimlang. Tushunmagan narsangizni so‘rashga uyalmang. Internetdan ma’lumot izlang, videodarslar ko‘ring. Eng muhimi — o‘z ustingizda ishlashdan hech qachon to‘xtamang.

 

Feruzani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, buxorolik 11-sinf o‘quvchisi Abubakr Nasilloyev bir nechta fandan milliy sertifikatlarni to‘plab, muddatidan oldin talabalikni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Talimxabarlari.uz muxbiri ushbu o‘quvchi bilan tayyorlagan intervyuni shu yerda o‘qishingiz mumkin.