Hilola Umarova Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasini tark etgan.
Uning o’rniga esa Ilxom Toxirovich Siradjev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Bungacha u 2025-yil sentabr oyidan beri Prezident administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasi loyiha koordinatori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Ilxom Toxirovich Siradjev 2006-2017-yillarda Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, Toshkent shahar o‘quvchilar texnik ijodiyot markazida turli vazifalarda, 2017-2023-yillarda Xalq ta’limi vazirligi bosh iqtisodchisi, Moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi boshlig‘i, Moliyaviy tahlil va rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i, Moliya departamenti direktori lavozimlarida mehnat qilgan.
U dunyodagi qator davlatlar taʻlim ekspertlari uchun Xitoyda tashkil etilgan “Strategik rejalashtirish, raqamli transformatsiya, xalqaro hamkorlik va samarali boshqaruv” yoʻnalishidagi xalqaro seminar hamda taʼlimga doir ko‘plab xalqaro loyihalar ishtirokchisi.
Shuningdek, pedagogika fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD), “Taʼlimda menejment’’ yo‘nalishi bo‘yicha dotsent ilmiy unvoniga ega.
