“O‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang”: 189 ballni naqd qilgan buxorolik ikki o‘quvchi qiz bilan suhbat

“O‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang”: 189 ballni naqd qilgan buxorolik ikki o‘quvchi qiz bilan suhbat

Buxoro viloyati Peshku tumani ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchilari Nigina Baxshilloyeva va Nargiza Nazirova bir nechta fandan milliy sertifikatlar olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi.

 

Har ikkisi ham filologiya (ingliz tili) yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lib, kelajak rejalari aniq va maqsadli.

 

Talimxabarlari.uz muxbiri muddatidan oldin 189 ballni naqd qilgan 11-sinf o‘quvchilari Nigina Baxshulloyeva va Nargiza Nazirova bilan suhbatlashdi. Mazkur intervyuda qizlar sertifikat sinovlariga tayyorgarlik jarayoni, imtihon tajribasi va tengdoshlari uchun foydali tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

 

Sertifikatga tayyorgarlik jarayoni haqida

 

Nigina Baxshilloyeva Toshkent davlat jahon tillari universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) yo‘nalishiga hujjat topshirmoqchi. Uning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi 8-sinfidayoq paydo bo‘lgan.

 

— O‘sha paytda bilimimni rasmiy tasdiqlashni istadim. Har kuni aniq reja asosida tayyorgarlik ko‘rdim. Bu jarayon menga nafaqat sertifikat, balki o‘zimga bo‘lgan ishonchni ham berdi.

 

“O‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang”: 189 ballni naqd qilgan buxorolik ikki o‘quvchi qiz bilan suhbat

 

Nigina ingliz tiliga bir yil, ona tili va adabiyotga 6 oy, tarixga 3 oy, matematikaga esa 1 oy tayyorlangan. Vaqtni boshqarish esa uning eng katta sinovlaridan biri bo‘lgan.

 

— Ba’zan dam olishdan voz kechgan paytlarim ham bo‘lgan. Ammo maqsadim meni yanada kuchliroq qildi, — deya qo‘shimcha qiladi u.

 

Nargiza Nazirova esa Toshkent davlat Milliy universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan. Unda sertifikat olish istagi 9-sinfda paydo bo‘lgan.

 

— Boshida juda qiyin bo‘lgan. Lekin keyinchalik bu jarayon hayotimdagi eng esda qolarli vaziyatlarga boy bo‘ldi.

 

U ingliz tiliga 6 oy, ona tiliga 1 oy, tarixga 3 oy, matematikaga esa 1 oy tayyorlangan. Tanaffus vaqtlaridan unumli foydalanish uning asosiy usullaridan biri bo‘lgan.

 

— Har tanaffusda vazifalarimni bajarardim. Uyda esa kursda berilgan topshiriqlarni qilganman.

 

“O‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang”: 189 ballni naqd qilgan buxorolik ikki o‘quvchi qiz bilan suhbat

 

‘‘Psixologik tayyorgarlik juda muhim..’’

 

Har ikki o‘quvchi ham psixologik tayyorgarlikni muvaffaqiyatning muhim omili sifatida baholaydi:

 

Nigina: ‘‘Psixologik tayyorgarlik bilim bilan teng ahamiyatga ega deb o‘ylayman. Chunki ruhan tayyor bo‘lmay turib, imtihonga kirganda kuchli hayajon, qo‘rquv kabi hissiyotlar bizni egallab olib, yillar davomida qilgan mehnatimizni ko‘rsatishga katta to‘siq bo‘lishi mumkin’’.

 

Nargiza: ‘‘Psixologik tayyorgarlik juda muhim. Sababi sizga qachon va qanday kattalikdagi “tosh” otilishini bilmaysiz’’.

 

Imtihondagi eng katta xato..

 

Test ishlash strategiyasida esa ular shoshilmaslikni asosiy qoida deb biladi. Avval savolni diqqat bilan o‘qish, tushunmagan savolga ortiqcha vaqt sarflamaslik va qaytib ko‘rib chiqish — xatolarni kamaytiradi.

 

Nigina Baxshilloyevaning fikricha, testdagi eng katta xato – shoshilish va hayajonga berilish.

 

— Mening uslubim – avval savolni oxirigacha diqqat bilan o‘qish, keyin javob berish. Tushunmagan savolda esa uzoq qolib ketmasdan, belgilab qo‘yib, keyin qaytish ham xatolarni kamaytiradi deb hisoblayman va bu usulni har doim qo‘llayman.

 

Telefon – chalg‘ituvchi yoki yordamchi?

 

Telefon masalasida Nargiza qat’iyroq fikrda:

 

— Telefon chindan ham o‘quvchini chalg‘itadi. 3–4 soatlik tayyorgarlik vaqtida uni o‘chirib qo‘yganman yoki ota-onam va ustozlarimga topshirganman.

 

Nigina esa texnologiyadan me’yorida foydalanish tarafdori bo‘lib, aniq chegaralar qo‘yish zarurligini ta’kidlaydi:

 

— Ko‘pchilik telefon o‘qish jarayonida chalg‘itadi deb hisoblaydi va, to‘g‘ri, bu fikrda jon bor. Lekin men telefonni dushman emas, vosita sifatida ko‘rishga harakat qilganman. Tayyorlanish vaqtida ijtimoiy tarmoqlarni cheklab, telefondan faqat testlar, lug‘atlar va o‘quv materiallari uchun foydalandim. Eng muhimi, o‘zimga aniq chegaralar qo‘ya oldim.

 

Har ikkala o‘quvchi qiz ham tengdoshlariga bir ovozdan aniq maqsad qo‘yishni, muntazamlik va sabrni saqlashni tavsiya qiladi.

 

‘‘Xatolardan qo‘rqmang..’’

 

Niginaning ta’kidlashicha, milliy sertifikatga tayyorgarlik jarayonida o‘zini boshqalar bilan taqqoslamaslik va muntazamlikni saqlash eng muhim omillardan biridir.

 

‘‘Milliy sertifikat olishni xohlagan tengdoshlarimga aytadigan maslahatim — o‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang, faqat kechagi o‘zingizdan yaxshiroq bo‘lishga harakat qiling. Bosim ostida qolmay, har kuni oz-ozdan bo‘lsa ham muntazam ishlash katta natija beradi. Xatolardan qo‘rqmang, aynan ular orqali o‘sasiz. Eng asosiysi — sabr va intizomni yo‘qotmang. Ingliz tilida aytilganidek, “Hard work always pays off” (qattiq mehnat har doim o‘z mevasini beradi)’’, — deydi u.

 

Nargizaning tavsiyasiga ko‘ra esa sertifikat olishga tayyorgarlikni erta boshlash va maqsadni aniq belgilash muhim.

 

‘‘Milliy sertifikat olishni xohlovchilarga ilgariroq va qisqa vaqt ichida tayyorgarlik koʻrishni boshlashni maslahat beraman. Tayyorlanishdan oldin maqsadingizni aniqlashtirib oling’’, — deya maslahat beradi o‘quvchi.

 

Nigina Baxshilloyeva va Nargiza Nazirovaning o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Navoiy shahridagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Toshqulova Marjona Sheraliyevna ham muddatidan oldin talabalikni qo‘lga kiritgani munosabati bilan suhbat qilingan edi.