Ba’zan katta natijalar birdaniga kelgandek tuyuladi. Ammo har bir yutuq ortida yillar davomida qilingan mehnat, sabr va ishonch turadi. Navoiy shahridagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Toshqulova Marjona Sheraliyevna ana shunday mehnat mahsuli – muddatidan oldin talabalikni qo‘lga kiritdi.
O‘quvchi biologiya va kimyo fanlaridan A, tarix fanidan B+, ona tili va adabiyotdan B, matematika fanidan esa C darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, jami 189 ball to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Bu natija unga tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha talaba bo‘lish imkoniyatini beradi.
Marjona Toshqulova Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga sertifikatgacha bo‘lgan tayyorgarlik jarayoni, kunlik vaqt taqsimoti va tengdoshlariga tavsiyalari haqida so‘zlab berdi.
Kelgusida u Toshkent davlat tibbiyot universiteti Davolash ishi fakultetida tahsil olishni maqsad qilgan.
Sertifikat olish g‘oyasi qachon paydo bo‘lgan va tayyorgarlik jarayoni qanday kechdi?
Marjonaning aytishicha, sertifikat olish istagi unda 10-sinfda paydo bo‘lgan.
— O‘sha paytdan boshlab maqsadim aniq bo‘lgandi. Tayyorgarlik jarayoni oson kechmagan, ba’zi paytlar charchoq ham, qiyinchilik ham bo‘lgan. Ammo ustozlarim va ota-onamning menga bo‘lgan ishonchi, doimiy qo‘llab-quvvatlashi sabab bu qiyinchiliklar unchalik sezilmadi.
Har bir fandan sertifikat uchun qancha muddat tayyorlandingiz?
Bo‘lg‘usi talabaning aytishicha, har bir fan uchun ajratilgan vaqt ham turlicha bo‘lgan:
Kimyo — 3 yil
Biologiya — 2,5 yil
Tarix — 2 oy
Ona tili — 1 oy
Matematika — deyarli 1 oy
Savollarning qiyinligi qay darajada bo‘ldi?
— Savollar har doim turlicha bo‘lgan: ba’zida qiyin, ba’zida oson. Lekin imtihonga bilimimga ishonib kirganim uchun darajasi menga bir xil tuyulgan.
Maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlikni qanday uyg‘unlashtirdingiz?
— Vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga harakat qilganman. Maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlikni parallel olib bordim. Bu jarayonda maktab ma’muriyati, fan o‘qituvchilarim, sinf rahbarim va sinfdoshlarim katta ko‘mak berishdi.
“Bitta savolga ko‘p vaqt sarflamaslik kerak..”
— Test ishlayotganda bitta savolga ortiqcha vaqt ajratmaslik kerak. Avval oson savollarni, keyin o‘rtacha darajadagilarni, oxirida esa murakkab va ko‘p vaqt talab qiladigan savollarni ishlash maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
O‘quvchining qo‘shimcha qilishicha, hayajonni boshqara bilish ham juda muhim.
– Ortiqcha hayajon imtihon vaqtida xotirani izdan chiqarishi mumkin. O‘zingizga ishonch bilan kirish katta ahamiyatga ega.
Telefon va ijtimoiy tarmoqlar sizni chalg‘itmadi-mi?
Ko‘pchilikni qiziqtiradigan mavzu – telefon va ijtimoiy tarmoqlar.
— Men umuman sensor telefon ishlatmaganman. Bunga ehtiyoj ham sezmaganman. Ko‘p narsani kitob o‘qish orqali o‘rganganman.
Uning fikricha, maqsad aniq bo‘lsa, chalg‘ituvchi omillar o‘z-o‘zidan kamayadi.
Milliy sertifikat olishni istagan tengdoshlaringizga qanday maslahat berasiz?
— Oldingizga qo‘ygan maqsad va orzularingiz sari qat’iyat bilan harakat qiling. Tengdoshlaringiz o‘ynab-kulib yurgan paytda siz o‘qiyotgan bo‘lsangiz, bu sizning kelajagingiz uchun qo‘yilgan sarmoyadir.
Hech qachon keraksiz narsalarga chalg‘imang. Ota-onangizning sizdan umidlari katta. Ularning duosini oling. Ishingiz va o‘qishingiz shunda barakali bo‘ladi.
Bu yutuqqa erishishimda ustozlarimning ham hissasi beqiyos. Ularga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Marjonani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, AQSHning New York shtatida joylashgan ‘‘University at Buffalo’’ universitetining iqtisodiyot yo‘nalishiga grant asosida qabul qilingan o‘quvchi Ziyoda Jumaboyeva bilan suhbatlashgan edik.
