Qashqadaryo viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1090 nafar o‘quvchisi 2025-yil dekabr oyida milliy va xalqaro darajadagi xorijiy til bilish sertifikatlariga ega bo‘ldi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Hududda chet tillarini o‘qitish sifati oshib borayotganini ko‘rsatadigan ushbu natijalar orasida ayniqsa yuqori ko‘rsatkichlar ham qayd etildi. Xususan, 4 nafar bitiruvchi IELTS imtihonidan 8.0 ball natijani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, sertifikat olgan o‘quvchilar orasida eng kichik yoshdagi bilimdon 11 yoshli, 5-sinf o‘quvchisi bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatdagi 105 ta umumta’lim maktabida 107 nafar xorijlik mutaxassis faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Kitob tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internati bitiruvchilarning 65 nafari jami 103 ta xalqaro hamda milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgani haqida xabar bergan edik.
