Taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan tavsiya etilgan “Xotira aylanmasini yarating” o‘yini o‘quvchilarning xotira, diqqat, tinglab tushunish hamda ketma-ketlikni eslab qolish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Mazkur o‘yin dars boshida faollashtiruvchi mashq yoki tanaffusdan keyingi “miya uyg‘otish” faoliyati sifatida qo‘llanishi mumkin. Shuningdek, u jamoada ishlash, navbatni kutish va o‘zini boshqarish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘yin qanday o‘tkaziladi?
O‘quvchilar aylana shaklida turishadi yoki o‘tirishadi. O‘qituvchi birinchi bo‘lib biror so‘z, harakat yoki tovushni aytadi yoki ko‘rsatadi. Masalan: “qarsak”, “sakrash”, “kitob”, “men baxtliman”.
Keyingi o‘quvchi avvalgi elementni takrorlab, unga yangi element qo‘shadi. Har bir ishtirokchi oldingi barcha elementlarni to‘g‘ri ketma-ketlikda aytishi yoki bajarishi lozim.
Qayd etilishicha, xato qilgan o‘quvchi o‘yindan chetlatilmaydi. Aksincha, unga yordam beriladi yoki o‘yin aylana boshidan qayta boshlanadi. Bu esa o‘yinni bosimsiz va ijobiy muhitda tashkil etish imkonini beradi.
O‘yinning variantlari
O‘yinni turli shakllarda moslashtirish mumkin:
Harakatli aylanma xotira o‘yini — har bir o‘quvchi bitta jismoniy harakat qo‘shadi. Boshlang‘ich sinflar uchun ayniqsa samarali.
So‘zli aylanma xotira o‘yini — mavzu asosida (mevalar, kasblar, inglizcha so‘zlar) tashkil etiladi. Til darslari uchun qulay.
Hissiyotlar aylanmasi (SEL) — “Men xursandman”, “Men hayajondaman” kabi iboralar orqali emotsional savodxonlikni rivojlantiradi.
Fanlarga moslashtirish — matematika (sonlar, misollar), tarix (sana va voqea), o‘qish (hikoya jumlalarini ketma-ket tuzish) darslarida qo‘llash mumkin.
O‘yinning foydasi
Mazkur metod:
- xotirani faollashtiradi va diqqatni jamlashni kuchaytiradi;
- nutq va eslab qolish tezligini oshiradi;
- sinfda ijobiy psixologik muhit yaratadi;
- tortinchoq o‘quvchilarni ham jarayonga jalb etadi.
O‘qituvchilarga tavsiya
- O‘yinni baholashsiz, bosimsiz muhitda o‘tkazing.
- Murakkablik darajasini sinf yoshiga moslang.
Rag‘batlantiruvchi iboralar ishlating:
“Zo‘r eslabsan!”, “A’lo darajada!”, “Birgalikda uddalaymiz”
Muallif: Gulnoz Xodjayeva
