Toshkentda ijara uyni narkolaboratoriyaga aylantirgan talabalar aniqlandi

Toshkentda ijara uyni narkolaboratoriyaga aylantirgan talabalar aniqlandi

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2007-yilda tug‘ilgan qiz va 2003-yilda tug‘ilgan talaba yigit tomonidan ijarada yashaydigan xonadonda narkolaboratoriya tashkil etilganligi ma’lum bo‘ldi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxslar 2025-yil sentyabrdan buyon Telegramdagi narkodo‘konda kuratorlarning topshiriqlariga asosan prekursorlarni tashkil qilish va sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan.

 

Mazkur manzildan 1 kg mifidron sintetik giyohvandlik vositalari hamda narkolaboratoriyada foydalanish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar daliliy ashyolar tariqasida hujjatlashtirib olingan.

 

Tezkor tergovlarda qo‘lga olingan kimyogar talaba yigitning mobil telefoniga kelgan geolokatsiya bo‘yicha yo‘nalish tashkil etilib, Yangihayot tumanidagi dala maydonida zakladka usulida ko‘mib ketilgan 1 kg sintetik giyohvandlik vositalari aniqlangan.

 

Toshkent shahri hududida davom ettirilgan tezkor qidiruv tadbirlar natijasida ushbu vositalarning geolokatsiyalariga zakladka usulida tarqatib kelgan 9 nafar zakladchiklar givohvandlik vositalarini olgan vaqtida ushlangan. Ulardan 3 nafari Toshkentdagi nufuzli OTM talabalari bo‘lgan.

 

Mazkur holat yuzasidan ushbu jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi b-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.