Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarida Milliy reyting tizimi joriy etiladi (baholash mezonlari)

Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarida Milliy reyting tizimi joriy etiladi (baholash mezonlari)

Muhokamalar portaliga ‘‘Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish va ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida’’gi Nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Unga ko‘ra, Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan ta’lim tashkilotlarini faoliyatini baholash uchun Milliy reyting tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

 

Milliy reyting — o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarining faoliyatini baholash tizimi bo‘lib, u faoliyat samaradorligini belgilangan mezonlar va indikatorlar asosida aniqlaydi.

 

Loyihaga asosan, har bir ta’lim tashkiloti maxsus platformaga o‘z faoliyatiga oid hujjatlarni yuklashi talab etiladi. Ular orasida xorijiy til yoki fanlarni bilish darajasi, pedagoglarning malaka oshirish sertifikatlari va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishdan olingan mablag‘lar haqida hujjatlar bo‘lishi mumkin.

 

Milliy reytingda eng yuqori oʻrinni egallagan 50 ta kasbiy taʼlim tashkilotining har biri Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 3 000 baravari miqdorida ragʻbatlantiriladi.

 

Maxsus platformaga ta’lim tashkiloti tomonidan quyidagi hujjatlar yuklanadi:

 

– o‘quvchining xorijiy til yoki fanlarni bilish darajasi boʻyicha belgilangan tartibda tan olingan xalqaro sertifikati;

 

– pedagogning xorijda oflayn malaka oshirganligi to‘g‘risida sertifikati;

 

– ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishdan yoki ta’lim xizmatini ko‘rsatishdan tushgan mablagʻlar miqdorini tasdiqlovchi hisob-faktura.

 

Xususan, davlat organi yoki tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha tushgan mablag‘lar miqdorini tasdiqlovchi hujjat yuklanmaydi. Ushbu hujjatni yuklash faqat kasbiy ta’lim tashkilotlariga taalluqli hisoblanadi.

 

Arizalarni ko‘rib chiqish va natijalar

 

Hujjatlarni yuklash jarayoni 1-iyuldan 15-iyulgacha davom etadi. Belgilangan muddatda hujjatlarni yuklamagan ta’lim tashkilotlari reytingda inobatga olinmaydi. Har bir ta’lim tashkiloti tomonidan yuklangan hujjatlar ishonchli va asoslangan bo‘lishi shart bo‘lib, tashkilot rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.

 

Murojaatlar 15 ish kunida ko‘rib chiqiladi va uning natijalariga ko‘ra Agentlik:

 

– e’tiroz asossiz deb topilganda reyting natijalarini oʻzgarishsiz qoldiriladi;

 

– texnik yoki boshqa turdagi xatolar aniqlangan hollarda Milliy reyting natijalari qayta hisoblanishi hamda olingan natijalar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

 

Murojaatni ko‘rib chiqish natijalari ta’lim tashkilotiga maxsus platforma orqali elektron shaklda beriladi.

 

Milliy reyting natijalari har yili 10-oktyabrga qadar Agentlikning rasmiy veb-sayti va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

 

Ma’lumot o‘rnida: Agar ta’lim tashkiloti yolg‘on ma’lumotlar yoki soxtalashtirilgan hujjatlarni taqdim etsa, uning reyting natijalari bekor qilinadi va to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

 

Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingi mezonlari va hisoblash tartibi

 

Kasbiy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingi 4 xil mezon orqali hisoblanadi:

 

1. Pedagoglar salohiyati – 30 ball

 

  • Ilmiy daraja (unvon)ga va “TOP-1 000” xorijiy oliy taʼlim tashkiloti diplomiga ega boʻlgan va xorijiy davlat fuqarosi hisoblangan pedagoglar ulushi – 3 ball;
  • malaka toifasiga ega pedagoglar ulushi – 6 ball;
  • malaka oshirish va (yoki) stajirovka dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan pedagoglar ulushi – 5 ball;
  • Kasbiy taʼlim agentligi tomonidan malaka oshirish yoki tajriba almashish uchun xorijga yuborilgan pedagoglar ulushi – 5 ball;
  • xorijiy tillarni bilish darajasi va umumta’lim fanlari boʻyicha milliy yoki belgilangan tartibda tan olingan xalqaro sertifikatga ega pedagoglar ulushi – 3 ball;
  • pedagog kadrlarning taʼlim tashkiloti tomonidan yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasi – 3 ball;
  • o‘quv jarayoniga tashqi o‘rindosh sifatida jalb qilingan soha mutaxassislari, xorijiy mutaxassislar va oliy ta’lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilari ulushi – 5 ball.

 

2. Kasbiy-akademik faoliyat – 25 ball

 

  • oʻquvchilarning taʼlim sifatidan qoniqish darajasi – 3 ball;
  • maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi, darsdan tashqari mashgʻulotlar va sport bilan doimiy shugʻullanish uchun yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasi – 3 ball;
  • oʻquvchilar davomati – 2 ball;
  • qabul parametrlarining kasb va mutaxassisliklar kesimida bajarilishi darajasi – 4 ball;
  • xalqaro va qoʻshma taʼlim dasturlari soni hamda ularda tahsil olayotgan oʻquvchilar ulushi – 8 ball;
  • moddiy-texnika baza mavjudligi, shu jumladan, zarur jihozlar, laboratoriya va ustaxonalar bilan taʼminlanganlik darajasi – 5 ball.

 

3. Ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik va bitiruvchilar sifati – 35 ball

 

  • ish beruvchi tashkilotlar tomonidan bitiruvchilar bo‘yicha qoniqish darajasi – 2 ball;
  • ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi hamda tijoratlashtirish faoliyati samaradorligi – 5 ball;
  • kasbiy taʼlim tashkilotida dual taʼlim ulushi – 8 ball;
  • bitiruvchilarning bandlik holati – 20 ball.

 

4. Oʻquvchilarning xalqaro va respublika darajasida erishgan yutuqlari – 10 ball

 

  • nufuzli tanlovlarda g‘olib hisoblangan oʻquvchilar ulushi – 5 ball;
  • xorijiy tillarni bilish darajasi va umumta’lim fanlari boʻyicha milliy yoki belgilangan tartibda tan olingan xalqaro sertifikatga ega o‘quvchilar ulushi – 5 ball.

 

O‘rta maxsus taʼlim tashkilotlarining milliy reytingi 4 xil mezon orqali hisoblanadi:

 

1. Pedagoglar salohiyati – 35 ball

 

  • “TOP-1 000” xorijiy oliy taʼlim tashkiloti diplomiga ega boʻlgan va xorijiy davlat fuqarosi hisoblangan pedagoglar ulushi – 10 ball;
  • malaka toifasiga ega pedagoglar ulushi – 5 ball;
  • xorijiy tillarni bilish darajasi va umumta’lim fanlari boʻyicha milliy yoki belgilangan tartibda tan olingan xalqaro sertifikatga ega pedagoglar ulushi – 5 ball;
  • malaka oshirish va (yoki) stajirovka dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan pedagoglar ulushi – 5 ball;
  • ilmiy daraja (unvon)ga ega hamda xalqaro va respublika tanlovlarida gʻolib boʻlgan pedagoglar ulushi – 10 ball.

 

2. Akademik faoliyat – 15 ball

 

  • oʻquvchilar davomati – 3 ball;
  • talabgorlik koʻrsatkichi – 10 ball;
  • maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi, darsdan tashqari mashgʻulotlar va sport bilan doimiy shugʻullanish uchun yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasi – 2 ball.

 

3. Bitiruvchilar sifati – 30 ball

 

  • oliy taʼlim tashkilotlariga qabul qilingan bitiruvchilar ulushi – 15 ball;
  • bitiruvchilarning bilim darajasi – 5 ball;
  • o‘rta maxsus ta’lim tashkilotining ta’sischisi (muassisi) hisoblangan oliy ta’lim tashkilotiga qabul qilingan bitiruvchilar ulushi – 10 ball.

 

4. Xalqaro va respublika darajasida erishilgan yutuqlar – 20 ball

 

  • nufuzli tanlovlarda g‘olib hisoblangan oʻquvchilar ulushi – 10 ball;
  • xorijiy tillarni bilish darajasi va umumta’lim fanlari boʻyicha milliy yoki belgilangan tartibda tan olingan xalqaro sertifikatga ega o‘quvchilar ulushi – 10 ball.