Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliqdagi maktabda o‘quvchining vafot etgani yuzasidan xabarlar tarqalmoqda. Xabarlarda aytilishicha, ushbu holatga maktabda o’tkazilgan «tarbiyaviy suhbat» sabab bo’lgan. Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Sukut Saqlama (NeMolchi.uz ) kanalining ma’lum qilishicha kanal tahririyatiga Olmaliq shahridagi maktab o‘quvchisining ota-onasidan murojaat kelib tushgan. Murojaatda shahar maktablaridan birida o‘tkazilgan «tarbiyaviy suhbat»dan so’ng yuqori sinf o‘quvchisi vafot etgani aytilgan.
«Sizga Olmaliq shahridan yozmoqdaman.
O‘tgan haftada shahrimizdagi maktablardan birida 10-sinf o‘quvchisi vafot etdi. Kuchli stress oqibatida qizning trombi uzilib ketgan, uni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan. Stressga esa ichki ishlar xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish sabab bo‘lgan. Ushbu yig‘ilishni maktab ota-onalar qo‘mitasi vakili boshqa bir o‘quvchi qizni himoya qilish maqsadida tashkil qilgan.
Maktabda yuqori sinf o‘quvchisi bo‘lgan bir qiz haqida noxush mish-mishlar tarqalgan edi. Bu qiz ota-onalar qo‘mitasi vakilining yo qarindoshi, yo tanishi bo‘lgan. U yolg‘on bahona bilan ichki ishlar xodimlarini chaqirtirib, qizlarga qo‘pol ohangda, baland ovozda «ma’ruza» o‘qiy boshlagan. So‘ngra mish-mish tarqatishda «gumon qilingan» qizlarni suhbat uchun alohida xonaga chaqirishgan.»- deyiladi murojaatda.
Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
«Joriy yilning 28-yanvar kuni Olmaliq shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabida noxush holat yuz bergan. Maktabning 10-sinf o‘quvchisi (2009-yilda tug‘ilgan) K. Ye. maktab yo‘lagida hushini yo‘qotgan. Dastlabki tibbiy yordamlarga qarmay o‘quvchi vafot etgan.
Ayni paytda huquq tartibot organlari tomonidan hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Yakuniy xulosalar rasmiy tekshiruvlar nihoyasiga yetgach e’lon qilinadi.
Jamoatchilikdan tekshiruv yakunlanmaguncha tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqatmaslik, xolislik va qonun ustuvorligi tamoyillariga rioya qilish so‘raladi.« – deyiladi boshqarma xabarida.
