Oliy ta’lim muassasalarida Amir Temur va temuriylar merosini chuqur o‘rganishni rag‘batlantirish maqsadida magistratura bosqichi talabalari uchun maxsus stipendiya ta’sis etilishi rejalashtirilmoqda.
Prezidentning ‘‘Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida’’gi qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq, Amir Temur va temuriylar merosi oliy taʼlim tashkilotlari talabalari tomonidan oʻrganilishini ragʻbatlantirish yuzasidan oliy taʼlim tashkilotlari magistratura bosqichi talabalari uchun Amir Temur nomidagi stipendiyani taʼsis etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Ishlab chiqilgan takliflar 2026-yil iyun oyiga qadar Prezident Administratsiyasiga taqdim etiladi.
Avvalroq, Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash uchun xalqaro ilmiy konferensiya, uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi hamda Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni tayyorlanib, chop etilishi haqida xabar bergan edik.
