Hukumat qaroriga asosan endi tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan belgilanadi. Avval bu vakolat Davlat qabul komissiyasida edi.
Hukumat qarori bilan Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (13.09.2025-yil №578 VM qarori bilan tasdiqlangan)ga oʻzgartirish kirildi.
Unga koʻra, Nizomning 74-bandi birinchi xatboshidagi “nisbatan Davlat komissiyasi” soʻzlari “nisbatan oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)” soʻzlari bilan almashtirildi.
Endi ushbu band quyidagi tahrirda bayon etiladi: Kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon)da toʻplagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam boʻlmagan, belgilangan qabul parametrlari doirasida hamda qoʻshimcha qabul asosida qabul qilinmagan va oʻqish istagini bildirgan abituriyentlarga birinchi oʻquv yilida amalda oʻrnatilgan toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan belgilanadigan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorida toʻlovni amalga oshirish sharti bilan oʻqishga kirish huquqi beriladi.
Yaʼni avvalgi tartib boʻyicha ayrim moliyaviy mustaqil oliy davlat tashkilotlaridan tashqari barcha davlat oliygohlaridagi super-kontrakt miqdori taʼlim yoʻnalishlari kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanar edi. Bunda universitet har xil boʻlsa-da yoʻnalish bir xil boʻlsa, super-kontrakt narxlari ham bir xil boʻlardi. Misol uchun 2024/2025 oʻquv yilida boshlangʻich taʼlimga super-kontrakt bilan kirish uchun (Buxoro yoki Fargʻona davlat universitetlari yoki Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti) qayerda oʻqisangiz ham 7 barobarda kontrakt toʻlab oʻqisangiz boʻlar edi.
Davlat komissiyasi bayoni bilan oʻtgan 2025-2026-oʻquv yilida ham tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori OTM rektorlari (direktorlari) tomonidan belgilangan edi.
Barcha oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan 2025-yil 25-sentyabrga qadar 2025/2026-oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va taʼlim shakllari kesimida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlanib, rasmiy veb-saytda eʼlon qilingan edi.
Bunda qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari oliy taʼlim muassasalari rektorlari (direktorlari) tomonidan bazaviy toʻlov-kontraktning 3,0 barobaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilandi.
Shu sababli oʻtgan oʻquv yilida ham tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori har xil boʻlgan edi. Oʻtgan yili ushbu tartib muvaffaqiyatli ishlaganidan keyin, endi Hukumat qaroriga oʻzgartirish kiritish orqali har yili tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori OTMrektorlari (direktorlari) tomonidan tasdiqlanishi belgilandi.
