Prezident qaroriga asosan Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash uchun xalqaro ilmiy konferensiya, uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi hamda Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni tayyorlanadi va chop etiladi.
Prezidentning «Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra har yili aprel oyini “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinadi va uning doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar va harbiy ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiriladi.
Joriy yil 9-10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.
Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni tayyorlash va chop etiladi, shu jumladan:
“Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish;
“Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi”, “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” kitob-albomlarini yaratish;
temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish;
“Tirik tarix” loyihasi asosida suratga olingan, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalari yoritib berilgan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda namoyish etish;
Temuriylar davri manbalari elektron platformasini yaratish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martdan boshlab Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib qilish maqsadida “Buyuk temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishini ta’minlash uchun xorijiy davlatlarda “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida taqdimotlar, media tadbir va anjumanlar o‘tkazish topshirig‘i berildi.
