Kecha, 4-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan bergan topshiriqlari ijrosi bo‘yicha Prezident Farmon loyihasi taqdimoti bo’lib o‘tgani haqida xabar bergan edik. Loyihaga ko‘ra, maktabgacha taʼlim tizimi xorijiy tajribalar asosida yangilanadi va “Yangi avlod” nomli innovatsion bog‘chalar tarmog‘i tashkil etiladi. Ushbu bog‘chalar tarkibida bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari ham faoliyat yuritadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimovaning ta’kidlashicha, o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachi-pedagoglar 5+1, ya’ni dual ta’lim asosida pedagogika oliygohlarida — 5 kun o‘zlari faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim muassasasida va bir kun oliy ta’lim muassasasida o‘qitiladi. Ular bakalavriat boshqichida to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olishadi. O‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar ham oliy ma’lumotli bo‘lishlari uchun imkoniyat yaratiladi.
Shu jumladan, Farmonda maktabgacha ta’lim tizimida xususiy sektorlarni qo‘llab-quvvatlash, nodavlat MTT faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha alohida topshiriqlar mavjud. Ta’lim sifatini oshirish maqsadida o‘yin asosida bolalarni Vatanga sadoqat, milliy g‘urur ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilgan.
Qayd etilishicha, bog‘chalar uchun lokomotiv bo’lib xizmat qiladigan “Yangi avlod” MTT tarmog‘ini tashkil etish ham belgilandi. Ushbu tashkilot bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlarni ham o‘z ichiga oladi. 2026-yilda Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston hududi, 2027-yilda oltita hududda hamda 2028-yilda yana oltita hududda Prezident maktablari singari maktabgacha ta’lim tizimida ham “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkiloti yo‘lga qo‘yiladi.
Innovatsion markazlarida 5 ta yo‘nalishda tematik o‘yingohlar tashkil qilinadi:
1. Ijod va san’at o‘yingohi;
2. Fan va matematika o‘yingohi;
3. Jismoniy faollik va sarguzasht o‘yingohi;
4. Til va tasavvur;
5. Robotexnika yo‘nalishidagi tematik o‘yingoh.
“Yangi avlod” bog‘chalarida innovatsion markazlarni boshqarish uchun yangi direktor o‘rinbosari va har bir tematik o‘yingohga yo‘riqchi lavozimlari ham kiritiladi. Shuningdek, MTTda faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlar va pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash uchun 20 foiz ustama berilishini Farmonda belgilab berilgan.
2027/2028 o‘quv yillaridan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarini o‘quv dasturi majburiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritilishi belgilangan.
Umumiy o‘rta ta’lim 4 ta bosqichdan iborat bo‘ladi:
1-bosqichda: 6-7 yoshli bolalar uchun bir yillik maktabga majburiy tayyorlov dasturi;
2-bosqichda: 7–11 yoshli bolalar uchun 1–4-sinflarni;
3-bosqichda: tayanch o‘rta ta’lim 5–9-sinflar 12–16 yoshlilarni;
4-bosqichda: o‘rta ta’lim 10-11-sinflar 17-18 yoshlilarni qamrab oladi.
Maktabga tayyorlov guruhlarni o‘qigan bolalarga majburiy maktabga tayyorlovdan o‘tganligi haqidagi elektron sertifikat beriladi. Ushbu dastur boshlang‘ich ta’lim dasturi bilan uyg‘unlashtiriladi.
Shuningdek, ‘‘Ta’lim to‘g‘risida’’ gi va ‘‘Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida’’gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi belgilangan.
