Pedagoglar attestatsiyasida ishtirok etish uchun murojaat yuborish 1-oktyabrga qadar davom etadi. Bu haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yaqin bo‘lgan Pedkadr.tdi.uz kanali ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, har bir viloyat markazida, ya’ni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalarida murojaatlarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda.
Navbatdagi-majburiy attestatsiyada ishtirok etish uchun yuborilgan murojaatlar yuborilgan kundan boshlab bir oy muddat ichida o‘rganib chiqiladi.
Navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish uchun yuborilgan murojaatlar esa to‘lov qilingan kundan boshlab bir oy muddat ichida o‘rganib chiqiladi. To‘lov amalga oshirilmaganda murojaatlar elektron bazada ko‘rinmaydi.
Murojaatning o‘rganish natijalari bilan pedagoglar o‘zlarining shaxsiy kabinetinlari orqali tanishib chiqishlari mumkin.
“Pedagog kadrlar attestatsiyasi yoki murojaat yuborish jarayonlari bo‘yicha savollaringiz bo‘lsa, hududlardagi ishchi guruhlariga murojaat qilishingiz mumkin,” – deyiladi xabarda.