Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga cheklov joriy etilishi mumkin

Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga cheklov joriy etilishi mumkin

Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligi 16 yoshga to‘lmagan bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda hukumat yig‘ilishida Bosh vazir o‘rinbosari, Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, tashabbus mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Loyihani amaliyotga tatbiq etish jarayonida Ta’lim vazirligi hamda Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarning yoshini aniqlash mexanizmlari ishlab chiqiladi, zarurat bo‘lganda esa javobgarlik choralarini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

 

Shuningdek, aholi, jumladan bolalar va ota-onalarning media-savodxonligini oshirish, shuningdek mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Bu boradagi ishlar sohaviy jurnalistikani rivojlantirish bo‘yicha maxsus komissiya va boshqa mexanizmlar orqali amalga oshirilmoqda.

 

Bundan tashqari, qonunchilik darajasida onlayn platformalar va OAV o‘rtasida reklama daromadlarini taqsimlashni tartibga solish hamda ayrim tovarlar reklamasiga qo‘yilgan cheklovlarni qisman yumshatish masalalari ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

 

“Aholining media-savodxonligini oshirish va mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yo‘nalishdagi ishlar sohaviy jurnalistikani rivojlantirish bo‘yicha maxsus komissiya hamda boshqa mexanizmlar orqali amalga oshirilmoqda,” — dedi Aida Balayeva.

 

Avvalroq, Yaponiyada o‘quvchilar uchun telefon vaqtini cheklash bo‘yicha yangi qaror kuchga kirgan edi.

 

Shuningdek, Avstraliyada ijtimoiy tarmoqlarga yosh cheklovi sabab 4,7 million o‘smir akkaunti o‘chirilganligi haqida xabar bergan edik.