17-yanvar kuni Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahrida 5-sinf oʻquvchisi maktabga ketayotganida daydi itlar hujumiga uchragan.
Guvohlarning soʻzlariga koʻra, bir guruh itlar bolaga hujum qilib, uni bir necha metr sudrab borgan.
Bola zudlik bilan shifoxonaga olib borilib, shoshilinch jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan. Uning yuz, bosh, qoʻl va oyoq sohalari jarohatlangan.
Shifokorlarning ma’lum qilishicha, bolaga barcha zarur tibbiy yordam koʻrsatilgan, u bir sutka reanimatsiyada boʻlgan va hozirda ahvoli yaxshi. Bola quturish va qoqsholga qarshi emlangan, shuningdek, psixologik yordam ham olmoqda. Kelgusida plastik jarrohlik amaliyotlari rejalashtirilgan.
Mahalla aholisi ushbu hududda daydi itlar muammosi oldin ham mavjud bo‘lganini aytmoqda.
Hodisadan so‘ng shahar obodonlashtirish va veterinariya xizmatlari tomonidan nazorat kuchaytirilib, qisqa vaqt ichida 60 dan ortiq daydi it tutilgan. Ular veterinariya bo‘limida karantinga joylashtirilgan. Ularda quturish alomatlari aniqlanmagan.
Masʼullarning ma’lum qilishicha, aholidan murojaatlar koʻp boʻlib, barcha mahallalarda bu boradagi ishlar davom ettiriladi.
Yangiyoʻl shahar aholisi tomonidan boqilayotgan 3271 bosh it, 500 bosh mushuk Yangiyoʻl shahar veterinariya boʻlimi xodimlari tomonidan belgilangan reja asosida quturish kasalligiga qarshi uyma-uy yurib, emlash ishlari davomli olib borilmoqda.
