Ijtimoiy tarmoqlarda Qibray tumanidagi 27-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, deb koʻrsatilayotgan muassasada tarbiyachi tomonidan mashgʻulotlar jarayonida tarbiyalanuvchilarga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlingan videotasvirlar tarqalgan edi.
Avvalroq, holatni oʻrganish maqsadida ishchi guruh tuzilgani haqida xabar bergan edik.
Toshkent viloyat MMTB bergan rasmiy munosabatga koʻra, vaziyat toʻliq nazoratga olingan.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu koʻngilsiz holat 2025-yil 23-dekabr kuni mashgʻulotlar paytida sodir boʻlgan.
Mashgʻulotlar jarayonida musiqa rahbari Sh.D shu vaziyatda katta yoshli tarbiyalanuvchini tartibga chaqirgan. Tarbiyalanuvchiga nisbatan jismoniy taʼsir koʻrsatib, xususan, bolaning yuz va yelka qismiga tarsaki urgan.
Mazkur holat bolaning shaxsiy daxlsizligiga zid boʻlib, amaldagi qonunchilik hamda maktabgacha taʼlim muassasalarida tarbiya jarayoniga qoʻyilgan talablar buzilganini koʻrsatadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, mazkur holat yuzasidan belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, qonunda belgilangan tartibda 27-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida musiqa rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan Sh.Dga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan.
“Shu oʻrinda aytib oʻtish lozim, kelgusida bu kabi koʻngilsiz holatlar takrorlanmasligi uchun ichki nazorat kuchaytirildi, mashgʻulotlar jarayonida bolalar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Holat viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan”, — deyiladi xabarda.
