Rossiyada xususiy universitet rektori 500 nafardan ortiq migrantni legallashtirishda ayblandi

Rossiyada xususiy universitet rektori 500 nafardan ortiq migrantni legallashtirishda ayblandi

Sankt-Peterburgdagi xususiy oliy ta’lim muassasalaridan birining rektori va uning ikki sherigi 501 nafar migrantni noqonuniy tarzda legallashtirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining mintaqaviy boshqarmasi matbuot xizmatiga tayanib, “Ria Novosti” ma’lum qilgan.

 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ularga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 2-qismi (noqonuniy migratsiyani tashkil etish) va 174.1-moddasi 4-qismi (jinoyat yo‘li bilan topilgan daromadlarni legallashtirish) bo‘yicha jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonlari yakunlanib, ish sudga oshirilgan.

 

Asosiy ayblanuvchi oliygohning 46 yoshli rektori bo‘lib, u va ikki sherigi 2024-yil noyabr oyida qo‘lga olingan. Tergov davomida ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilar Rossiyada qolish muddatini uzaytirmoqchi bo‘lgan xorijliklarni topib, talaba sifatida rasmiylashtirgan. Shu orqali ular darslarda qatnashmay turib ham o‘quv vizasi olgan.

 

Bundan tashqari, ular mehnat muhojirlarini noqonuniy tarzda migratsion hisobga qo‘yish bilan ham shug‘ullangan.

 

2020-yil yanvaridan 2024-yil noyabrigacha bo‘lgan davrda ushbu sxema orqali jami 501 nafar mehnat muhojirining huquqiy maqomi legallashtirilgan. Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, ushbu noqonuniy faoliyat ayblanuvchilarga 40 million rubldan ortiq daromad keltirgan. Bu mablag‘lar soxta bitimlar orqali legallashtirgan. Tegishli organlar barcha soxta o‘quv vizalarini bekor qilib, muhojirlarni nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritgan.