Davlat mehnat inspeksiyasi xorijiy til o‘qituvchilarini B2 darajadagi sertifikatga ega emasligi sababli ishdan bo‘shatish yoki ishga qo‘ymasdan chetlashtirish holatlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qarori bilan xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 daraja talabi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu talab mehnat shartnomasini bekor qilish yoki xodimni ishdan chetlashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqiy asos hisoblanmaydi.
Xabarda qayd etilishicha:
— B2 sertifikatga ega emaslik — mehnat shartnomasini 168-modda asosida bekor qilishga sabab bo‘la olmaydi;
— Bu holat 161-moddaga ko‘ra ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish uchun ham asos emas;
— 151-moddada xodimni ishdan chetlashtirish asoslari ro‘yxatida ham B2 sertifikatga ega emaslik ko‘rsatilmagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-son qarori bilan tasdiqlangan Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, xorijiy til o‘qituvchilarining 100 foizini B2 darajaga yetkazish bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan maqsad hisoblanadi va u jazolash mexanizmi sifatida nazarda tutilmaganligi ta’kidlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritilgani ma’lum qilingan.
