Chirchiqdagi bog‘cha tarbiyalanuvchilariga qo‘pol munosabatda bo‘lgan xodimlar ishdan boʻshatildi

Chirchiqdagi bog‘cha tarbiyalanuvchilariga qo‘pol munosabatda bo‘lgan xodimlar ishdan boʻshatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahridagi 30-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida imkoniyati cheklangan bolalarga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlingani aks etgan videolavha tarqalgan edi.

 

Avval xabar qilganimizde, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi ishchi guruhi mazkur holatni oʻrganilayotganligini xabar qilgan edi.

 

Boshqarma tomonidan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Unga koʻra, tekshiruv jarayonida tegishli masʼullar ishtirokida tarbiyachilarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilgan. Natijada qoʻpollikka yoʻl qoʻygan tarbiyachilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

 

Shuningdek, Bolalar ombudsmani hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirokida ota-onalar va tarbiyachilar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.

 

‘‘Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi bolalarga nisbatan bunday munosabatni qatʼiyan qoralaydi va kelgusida shunday holatlarning oldini olish boʻyicha keskin choralar koʻradi.

 

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, mazkur ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti hozirda taʼmirlash jarayonida boʻlib, tarbiyalanuvchilar vaqtincha yondosh hududdagi maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirilgan. Holat aynan ushbu vaqtinchalik joyda sodir boʻlgan’’, – deyiladi rasmiy munosabatda.