Bahorgi semestr oldidan kimlar o‘qishini ko‘chirishi mumkin?

Bahorgi semestr oldidan kimlar o‘qishini ko‘chirishi mumkin?

Xabar berganimizdek, 10-yanvardan bahorgi semestr uchun oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish (qayta tiklash) boʻyicha arizalarni qabul qilish boshlanadi. Ushbu jarayon Vazirlar Mahkamasining 13-sentyabr 2025-yildagi 578-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Oʻqishni koʻchirish qachon amalga oshiriladi?

 

Oliy taʼlim tashkilotlariga talabalar oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) boʻyicha arizalarni roʻyxatdan oʻtkazish bir oʻquv yilida ikki marta:

 

– kuzgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 15-iyuldan 5-avgustgacha (5-avgust kuni ham);

 

– bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) elektron platforma orqali amalga oshiriladi.

 

Bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin talabalar oʻqishini bir oliy taʼlim tashkilotidan boshqasiga koʻchirib tiklash toʻgʻrisidagi arizalar qabul qilinmaydi va koʻrib chiqilmaydi.

 

Arizalar qancha muddatda koʻrib chiqiladi?

 

Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish:

 

– kuzgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 6-avgustdan 30-avgustgacha (30-avgust kuni ham);

 

– bahorgi semestr oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin — 21-yanvardan 10-fevralgacha (10-fevral kuni ham) amalga oshiriladi.

Arizalar qanday topshiriladi?

 

Oʻqishini koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalarni roʻyxatdan oʻtkazish Vazirlikning rasmiy veb-sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan biri (keyingi oʻrinlarda — elektron platforma) orqali, shuningdek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʻi bilan tashkil etiladigan hududiy ishchi guruhlari tomonidan qabul qilinishi ham mumkin.

 

Bahorgi semestr oldidan xorijiy yoki nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalari ham oʻqishini koʻrishi mumkinmi?

 

Yoʻq. Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan talabalar oʻqishini koʻchirish (koʻchirib tiklash) toʻgʻrisidagi arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustgacha (5-avgust kuni ham) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti orqali roʻyxatdan oʻtkaziladi.

 

Bahorgi semestr oldidan oʻqishni koʻchirish hamma talabalarga taalluqlimi?

 

Yoʻq. bahorgi semestr oldidan faqat quyidagi uzrli sabablarga koʻra, oʻqishni koʻchirish mumkin:

 

– talaba turmush qurishi munosabati bilan turmush oʻrtogʻi doimiy yashaydigan hududdagi oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishni koʻchirish uchun murojaat qilganda;

 

– davlat organlari xodimlarining ish joyi tegishli vazirlik va idoralar tomonidan oʻzgartirilgan taqdirda, uning turmush oʻrtogʻi yoki voyaga yetmagan farzandi muayyan vazirlik yoki idora rahbari tavsiyasi asosida oʻqishini koʻchirish uchun murojaat qilganda.

 

Bir taʼlim shaklidan boshqasiga oʻqishni koʻchirsa boʻladimi? Masalan, kunduzgidan kechkiga, sirtqidan kunduzgiga oʻtkazsa (perevod qilsa) boʻladimi?

 

Ha, bir taʼlim shaklidan boshqasiga oʻqishni koʻchirish mumkin, lekin barcha hollarda ham emas. Quyida birma-bir koʻrib chiqamiz.

 

Kunduzgi taʼlimdan quyidagilarga koʻchirish ruxsat etiladi:

 

– kunduzgi;

 

– sirtqi;

 

– kechki (smenali).

Kunduzgi taʼlimdan maxsus sirtqiga koʻchirib boʻlmaydi.

 

Sirtqi taʼlimdan ruxsat etiladi:

 

-sirtqi (faqat bir taʼlim sohasi doirasida);

 

– kechki (smenali).

Sirtqi taʼlimdan kunduzgi hamda maxsus sirtqi taʼlimga koʻchirib boʻlmaydi.

 

Kechki taʼlimdan ruxsat etiladi:

 

– kechki taʼlim (faqat bir taʼlim sohasi doirasida);

 

– kechki taʼlimdan sirtqi hamda maxsus sirtqi taʼlimga koʻchirib boʻlmaydi.

Maxsus sirtqi taʼlimdan boshqa taʼlim shakliga koʻchirib boʻlmaydi, oʻz navbatida boshqa taʼlim shakllaridan maxsus sirtqiga koʻchirish talabi ham rad etish uchun asos boʻladi. Faqat maxsus sirtqida bir taʼlim sohasi doirasidagina koʻchirishga ruxsat etiladi.

 

Bir davlat OTMi ichida yoʻnalish yoki taʼlim shaklini (kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy) oʻzgartirish mumkin. Buning uchun 5-avgustgacha transfer.edu.uz saytida ariza topshiriladi. Qabul qilish qarori – OTM rektorining vakolatida.

 

Qanday sabablarga koʻra oʻqishni koʻchirish rad etilishi mumkin?

 

— xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlmagan oliy taʼlim tashkilotlarida yoki ularning filiallarida oʻqiganlarga;

 

— oliy taʼlim tashkilotlarining markazlari, boʻlimlari, oʻquv-maslahat punktlari va boshqalarda oʻqiganlarga;

 

— birinchi kursning birinchi semestriga oʻqishni koʻchirishga (talabaga kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar, oʻqigan taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlmaganda, koʻchirib tiklash holatlari bundan mustasno);

 

— oliy taʼlim tashkilotida mos (turdosh) taʼlim yoʻnalishi (mos mutaxassislik) yoki taʼlim shakli mavjud boʻlmasa;

 

— toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilganlar toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;

 

— talabaning shaxsiy yigʻmajildi (akademik maʼlumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;

 

— oliy taʼlim tashkilotiga davlat granti asosida koʻchirish va qayta tiklashda davlat granti asosida taʼlim oluvchilar soni (qabul parametrlari) doirasida boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlmasa;

 

— oliy taʼlim tashkiloti moddiy-texnik bazasining imkoniyati cheklanganda;

 

— maqsadli qabul qilinganlar boshqa taʼlim yoʻnalishi yoki taʼlim shakliga yoxud boshqa oliy taʼlim tashkilotiga;

 

— bir taʼlim shaklidan maxsus sirtqi taʼlim shakliga hamda maxsus sirtqi taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakliga;

 

— talaba Oʻzbekiston va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinib, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan boʻlsa (mazkur qoʻshma dasturning oʻzi bundan mustasno);

 

— qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.

Shuningdek, talabani oʻqimagan semestrdan keyingi semestrga oʻqishga tavsiya etishga ruxsat berilmaydi.