Farg‘onadagi maktabda o‘qituvchilarni navbatchilikka jalb qilgan direktor vazifasidan ozod etildi

Farg‘onadagi maktabda o‘qituvchilarni navbatchilikka jalb qilgan direktor vazifasidan ozod etildi

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda “Buvayda tumanidagi maktabda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikda turishga majbur qilinmoqda” mazmunidagi xabarlar tarqalganligi haqida xabar bergan edik.

 

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

 

Unga ko‘ra, tuman hududidagi 37-umumtaʻlim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi boʻlib ishlab kelayotgan X.N. tomonidan pedagogik jamoaga ularning lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklangani – amaldagi tartiblarga zid ravishda navbatchilik qilishlari talab etilgani aniqlangan.

 

Viloyat Maktabgacha va maktab taʻlimi boshqarmasining 2025-yil 6-yanvardagi buyrugʻiga asosan 37-umumtaʻlim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi X.N. vazifasidan ozod etilgan.

 

Shuningdek, tizim rahbarlari kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymasliklari yuzasidan ogohlantirilgan.

 

Avvalroq, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktab oʻqituvchilarni “majburiy mehnatga jalb etilgani” uchun maktab direktori 42 mln soʻm miqdorida jarimaga tortilgan. Pedagoglarni oʻz lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmagani sababli maktab direktori egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi.