Mustaqil izlanuvchilikka hujjatlar topshirish qachondan qachongacha davom etadi?

Mustaqil izlanuvchilikka hujjatlar topshirish qachondan qachongacha davom etadi?

OTM va ilmiy tashkilotlar talabgorlarning mustaqil izlanuvchilikka hujjatlarini yilda 4 marotaba, yaʻni:

 

— 15-sentyabrdan 15-oktyabrgacha;

 

— 15-yanvardan 15-fevralgacha;

 

— 15-apreldan 15-maygacha;

 

— 15-iyuldan 15-avgustgacha boʻlgan davrlarda qabul qilishi mumkin boʻladi.

 

Mustaqil izlanuvchilik — ishlab chiqarishdan ajralmagan holda doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mutaxassislikni chuqur oʻrganish va ular tomonidan ilmiy izlanishlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajalari izlanuvchilari uchun OTM va ITMlarda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar boʻyicha oliy oʻquv yurtidan keyingi taʻlim shakli hisoblanadi.

 

Mustaqil izlanuvchilikka talabgor quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasiga Yagona elektron tizim yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi:

 

— qisqacha biografik maʼlumotnoma;

 

— falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun magistrlik yoki klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun) yoki oliy maʼlumot (mutaxassislik dasturi boʻyicha) toʻgʻrisidagi diplom nusxasi;

 

— mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;

 

— ilmiy ishlar roʻyxati va ularning nusxasi;

 

— fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) diplomi yoki xorijda olingan unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar diplomi nusxasi;

 

— ish joyidan tavsifnoma.

 

Maʼlumot uchun, talabgorlar hujjatlari ilmiy yoki taʼlim tashkilot tomonidan koʻrib chiqilib qabul qilinadi yoki rad etiladi. Shuningdek, yuqorida belgilangan muddatlarda talabgorlarning hujjatlari qabul qilinishi lozim.

 

Muhim: Tibbiyot fanlari boʻyicha mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirishda ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasining Kollegial organi qarori bilan talabgordan klinik ordinaturani (magistraturani) tugatgandan soʻng yoki ilmiy darajani olganidan soʻng ilmiy, ilmiy-pedagogik yoki amaliy ish stajiga (ikki yildan toʻrt yilgacha boʻlgan muddatda) ega boʻlishi talab etilishi mumkin.