Rossiya prezidenti eng yomon 100 ta ta’lim muassasasining antireytingini tuzishni taklif qildi

Rossiya prezidenti eng yomon 100 ta ta’lim muassasasining antireytingini tuzishni taklif qildi

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin natijalari eng past bo‘lgan ta’lim muassasalarining yillik reytingini tuzishni taklif qilgan. Mazkur taklif eng past bo‘lgan ta’lim muassasalariga yordam ko‘rsatish maqsadida amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, u Mehnat vazirligi tomonidan bitiruvchilarning ishga joylashuvi bo‘yicha mazmunli milliy reyting tayyorlanganini ta’kidlagan. Ushbu reyting har bir ta’lim muassasasi kesimida bitiruvchilarning ishga joylashish darajasi va ularning ish haqi miqdorini ko‘rsatadi.

 

“Albatta, bunda yetakchilar, eng oldingi safdagilar bo‘ladi. Ammo shu reyting asosida har yili, afsuski, eng yomon natijalarni ko‘rsatgan 100 ta ta’lim muassasasini aniqlashni taklif qilaman. Aynan mana shu holatda o‘quvchilar, hududlar va butun mamlakat manfaatlari yo‘lida vaziyatni o‘zgartirishga yordam berish kerak”, — deya ta’kidlagan Rossiya prezidenti Davlat kengashi yig‘ilishida.

 

Uning aniqlik kiritishicha, bunday ta’lim muassasalarning har biri bo‘yicha hududiy hokimiyatlar bilan birgalikda sog‘lomlashtirish yoki qayta tashkil etish dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi lozim.

 

“Buni albatta qilish kerak, bu yerda hech qanday sustkashlik bo‘lmasligi kerak”, — deya ta’kidlagan Rossiya prezidenti.

 

Shuningdek, yig‘ilishda Putin iqtisodiyotning muhim sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlariga alohida e’tibor qaratishga chaqirgan. Kollejlar, texnikumlar va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining mehnat bozorida talabgirligini oshirishga erishish kerakligini aytib o‘tgan.