Oliy taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda baholash mezonlari tasdiqlandi

Oliy taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda baholash mezonlari tasdiqlandi

2025-yil 23-dekabrda Adliya vazirligi Oliy ta’lim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlarni 3732-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

 

“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 58-moddasiga ko‘ra, oliy ta’limni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va ta’lim dasturlariga muvofiqlik jihatdan kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.

 

Mazkur idoraviy hujjat bilan 8 ta yo‘nalish doirasidagi 47 ta mezon bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda foydalaniladigan 271 ta indikator belgilanmoqda.

 

Unga ko‘ra, 19 ta (7 %) majburiy indikatorlar (indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatining mavjudligi, antiplagiat tizimi joriy etilganligi va b.) hamda 252 ta (93 %) umumiy indikatorlar (natijalarga erishgan tyutorlarning rag‘batlantirib borilganligi, talabalarning startap loyihalari va ratsionalizatorlik g‘oyalari uchun tanlovlarning tashkil etilganligi va b.) mavjud bo‘lib, “muvofiq” yoki “muvofiq emas” tarzida baholanadi.

Bunda:

– 50 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq emas”;

 

– 50 % dan 70 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “qisman muvofiq”;

 

– 70 % va undan ortiq indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq” deb topiladi.

 

Majburiy indikator “muvofiq emas” deb baholansa, umumiy natijadan qat’i nazar, mezon “muvofiq emas” deb topiladi.