O‘zbekistonda 28-dekabr kunidan boshlab o‘quvchilar uchun qishki ta’til kunlari boshlanadi. Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati esa ota-onalarga murojaat qildi.
Murojaatda ta’til davrida bolalarning xavfsizligi va nazorati to‘liq ota-onalar zimmasiga tushadi. Sovuq ob-havo sharoitida avtomobil yo‘llarida bolalarning harakat xavfsizligini ta’minlash mas’uliyatiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Yangi yil archasi va bayram tadbirlarida bolalarni qarovsiz qoldirmaslik, ularning yo‘l harakati qoidalariga rioya etishini nazorat qilish so‘ralgan. Xususan, yo‘lni belgilanmagan joylardan kesib o‘tmaslik, svetofor ishoralariga amal qilish hamda pirotexnika vositalaridan foydalanmaslik masalalariga e’tibor kuchaytirilishi lozimligi qayd etildi.
DYHXX Yangi yil bayrami va qishki ta’til kunlari ko‘ngilsiz hodisalardan xoli, maroqli va eng muhimi, xavfsiz o‘tishi uchun ota-onalarni farzandlari bilan bog‘liq masalalarda ogoh va mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi.
Hukumatning 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qaroriga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki ta’til 28-dekabrdan, (boshlang‘ich 1-4-sinflarda esa 27-dekabr — shanba kunidan) boshlanadi. Ta’til kelasi yilning 10-yanvarigacha, ya’ni 14 kalendar kunida davom etishi rejalashtirilgan.
