O‘zDJTU rektori AQShlik tarjimon bilan bog‘liq nizoga munosabat bildirdi

O‘zDJTU rektori AQShlik tarjimon bilan bog‘liq nizoga munosabat bildirdi

Amerikalik tarjimon Mark Riz tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan “O‘tkan kunlar” asari uning ruxsatisiz elektron shaklda tarqatilgani sababli O‘zDJTU xodimi mualliflik huquqini buzganlikda ayblanib,  2 mln so‘m jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edik.

 

13-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan rektorlar forumi doirasida O‘zDJTU rektori Ilhom To‘xtasinov Gazeta muxbiri bilan suhbatda mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirgan.

 

Rektorning so‘zlariga ko‘ra, “O‘tkan kunlar”ning ingliz tilidagi tarjimasi u mazkur oliy o‘quv yurtida faoliyat boshlashidan bir yil avval, ya’ni 2022-yilda Mark Riz tomonidan sovg’a qilingan.

 

“Ushbu lavozimga 2023-yilda kelgan bo‘lsam, bu asar 2022-yili mendan oldingi rahbarga hadya qilingan. Rektor esa kitobni universitet kutubxonasiga topshirgan. Hukumat tomonidan barcha oliy ta’lim muassasalaridagi kutubxonalarda saqlanayotgan kitoblarni elektron tarzda jamlash vazifasi yuklatilgan. Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida axborot-resurs markazi xodimlari kutubxona fondidagi barcha kitoblar qatorida ushbu tarjima asarning ham PDF shaklini tayyorlab, elektron platformaga joylashtirgan. Adliya vazirligining Intellektual mulk departamenti tomonidan bizga murojaat qilingach, platformadan olib tashlandi”, — degan rektor.

 

U mazkur holatni intellektual mulkning buzilishi deb hisoblaysizmi, degan savolga quyidagicha izoh bergan:

 

“O‘ylaymanki, yozuvchi bo‘ladimi, shoir yoki san’atkor bo‘ladimi, u xalq uchun ijod qiladi. Siz uyingizda o‘tirib yo boshqa joyda hirgoyi qilishingiz yoki foydalanishingiz mumkin. Bu narsa xalqniki, yozuvchi kitob yozgandan keyin faqat o‘zi uchun emas, balki xalq va shu jamiyat uchun ham yozadi-ku. Undan kimdir foydalanadi va shu orqali kelajakda rivojlanadi, tadqiqotlar olib boradi. Rivojlanish bo‘lishi uchun xalq bu narsalardan foydalanishi kerak. Masalan, o‘zim ham tarjimon sifatida “O‘tkan kunlar”ni ingliz tiliga tarjima qilganman. Agar talaba yoki tadqiqotchining sotib olish imkoniyati bo‘lmasa, elektron variantidan bo‘lsa ham foydalanib turish imkoniyatini beraman”, — deydi Ilhom To‘xtasinov.

 

Oktyabrda Mark Riz kitob noqonuniy tarqatilayotganini ma’lum qilgan. Kitobning O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga sovg‘a qilingan nusxasi skaner qilinib, muallif ruxsatisiz PDF fayl shaklida mamlakat bo‘ylab tarqatilgan.

 

Riz buni intellektual mulk o‘g‘irlanishi deb atagan va bunday holatlar Amerika bizneslarini O‘zbekistonga investitsiya kiritishdan qaytarishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, investorlar uchun mamlakatning IP huquqlarni hurmat qilishi va bajarishi muhim mezon hisoblanadi.

 

O‘zDJTU holat yuzasidan rasmiy izoh bergan. Universitet intellektual mulk himoyasi standartlariga, jumladan, Bern konvensiyasi me’yorlari va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) prinsiplariga qat’iy amal qilishini bildirgan.

 

Universitet Mark Rizning fikrlarini hurmat qilishini, uning tarjimasi o‘zbek adabiyotini xalqaro maydonga olib chiqishda muhim ahamiyatga egaligini aytgan. O‘zDJTU intellektual mulk normalariga rioya qilishi, mazkur kitobning universitetga muallif tomonidan shaxsan berilgani, hozirda kutubxonada faqat bitta nusxa borligi va u faqat o‘quv maqsadlarida foydalanilayotganini ma’lum qilgan.

 

Bayonotda unilibrary.uz platformasiga kitobning faqat bibliografik ma’lumoti texnik talab sifatida yuklangani, to‘liq matn yoki elektron nusxa hech qachon joylashtirilmagani ta’kidlangan. Muallif ruxsati kerakligi aniqlangach, bibliografik yozuv tizimdan olib tashlangan. Universitet voqeani mualliflik huquqi buzilishi sifatida ko‘rmaslikni so‘rab, agar qo‘shimcha dalillar bo‘lsa, taqdim etishni so‘radi va vaziyatni hal qilish uchun ochiq muloqotga tayyorligini bildirdi.

 

Mark Riz o‘zi 15 yil davomida ingliz tiliga tarjima qilgan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” (Bygone Days) asari ruxsatsiz elektron shaklda tarqalayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilgach, Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘rganish o‘tkazilgan. Natijada ushbu asar Mark Rizdan ruxsat olinmasdan, hech qanday shartnomasiz to‘liq holda elektron shaklga o‘tkazilgani va unilibrary.uz tizimiga joylangani aniqlangan.

 

Huquqbuzarlik bo‘yicha universitet mas’ullari yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177−1-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan. Sud qaroriga ko‘ra, mas’ul xodimga 2 mln 60 ming so‘m (BHMning 5 baravari) miqdorida jarima belgilangan hamda asarning elektron nusxasi unilibrary.uz tizimidan o‘chirilgan.

 

Shuningdek, kelgusida bunday huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida universitetda mualliflik va turdosh huquqlarga rioya qilish bo‘yicha seminar-trening tashkil etilgan.

 

Ma’lum qilinishicha, tarjimon Mark Rizga “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 65-moddasiga muvofiq, zararni qoplash uchun huquqbuzardan BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha (8,24 milliondan 412 million so‘mgacha) miqdorda tovon talab qilish huquqiga ega ekani tushuntirilgan.