“Doʻstlik” ordeni toʻgʻrisidagi Nizom 5-bandiga koʻra, “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar.
Ushbu qoidaga koʻra, mazkur orden bilan taqdirlangan shaxs faqat yuqorida aytilgan 12 mln 360 ming soʻm pul mukofotini olishi mumkin.
Ushbu pedagoglarga direktor jamgʻarmasidan boshqa ustama yoki qoʻshimcha haq berilmaydi.
Eslatib oʻtamiz, “Doʻstlik” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash ishida erishgan katta yutuqlari, Oʻzbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan doʻstlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirganliklari uchun mukofotlanadilar.
“Doʻstlik” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
“Doʻstlik” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
Shuningdek, “Doʻstlik” ordeni 1 mikron qalinlikda tilla qoplangan tompakdan tayyorlanadi va u bir-biriga joylashtirilgan turli kattalikdagi, markazi bitta boʻlgan ikkita sakkiz qirrali yulduz shaklida boʻladi. Katta va kichik yulduzlar oraligʻi moviy emal bilan toʻldirilgan. Yulduzning burchaklari orasida taraluvchi zarhal, uchlari yumaloqlangan nur tutamlari joylashgan. Katta yulduzning qarama-qarshi qirralari oraligʻi 47 millimetr, kichik yulduzning qarama-qarshi qirralari oraligʻi esa 41 millimetr.
Ordenning markazida, diametri 12 millimetrli doira ichida oq kumushrang fonda qoʻlni qoʻlga berib koʻrishish ramziy tasvirlangan boʻlib, qoʻllar tasvirining ayrim yerlari zarhallangan. Tasvir atrofida, moviy emal berilgan fonda oʻn ikki insoniy fazilat ramzi sifatida oʻn ikkita kumushrang yulduz joylashgan. Sathida yulduzlar joylashgan doira diametri 24 millimetr. Butun tasvir atrofida aylana joylashgan boʻlib, uning yuqori qismiga qizil emal bilan naqsh etilgan “DOʻSTLIK” degan yozuv, pastki qismiga esa zarhal dafna barglari jo boʻlgan. Aylana diametri 33 millimetr.
Orqa tomonining pastki qismida ordenning tartib raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
Orden moviy, yashil, sariq, qizil rangli, bir-biridan oq yoʻl bilan ajratilgan, eni bir xil rangdor yoʻlli shoyi lenta sirilgan qadagichga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi.
