Geografiya fanidan xalqaro olimpiadaga saralash bosqichining oʻtkazilish tartibi maʼlum qilindi

Geografiya fanidan xalqaro olimpiadaga saralash bosqichining oʻtkazilish tartibi maʼlum qilindi

Oʻquvchilar oʻrtasida geografiya fanidan xalqaro olimpiadaga saralashning birinchi hududiy bosqichi 2026-yil yanvar oyidan boshlanadi.

 

Saralash olimpiadasida kimlar ishtirok eta oladi?

 

Saralashning birinchi bosqichida quyidagi oʻquvchilar qatnashish huquqiga ega:

 

— 2025-2026 oʻquv yilida geografiya fanidan oʻtkazilgan asosiy olimpiadaning uchinchi hududiy bosqichida 9-11-sinflar kesimida reyting boʻyicha dastlabki 5 talikka kirgan oʻquvchilar;

 

— har bir hudud boʻyicha Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ixtisoslashtirilgan, sport va ijod maktablaridan 5 nafargacha saralangan oʻquvchilar;

 

— 2025-yilda boʻlib oʻtgan xalqaro geografiya olimpiadasi ishtirokchilari.

 

Saralashning birinchi bosqichining oʻtkazilish tartibi qanday?

 

Saralash test sinovi shaklida oʻtkazilib, ishtirokchilarga 38 ta test savollari taqdim etiladi. Test sinovlarini bajarish uchun ishtirokchilarga 120 daqiqa vaqt ajratiladi.

 

Yakuniy natijalariga koʻra, har bir hududda 3 nafardan gʻolib saralanib, keyingi bosqichda ishtirok etish uchun imkoniyatni qoʻlga kiritadi.