Bugungi kunda dunyoning eng muvaffaqiyatli taʼlim tizimlari haqida fikr yuritilsa, bir nom albatta tilga olinadi — Finlyandiya. Atigi besh million aholiga ega bu mamlakat kichik boʻlishiga qaramay, oʻquvchilari yillar davomida bilim darajasi, tenglik koʻrsatkichlari va farovonlik boʻyicha doimiy ravishda yuqori oʻrinlarda turadi. Koʻplab xalqaro baholashlar Finlyandiya maktablarining oʻquvchini siqmasdan, unga hech bir jihatdan bosim oʻtkazmasdan, aksincha, uni qoʻllab-quvvatlagan holda yetuk inson sifatida shakllantirishini eʼtirof etadi. Ammo savol tugʻiladi: bunday natijalarning asl sababi nimada? Nega aynan Finlyandiya? Finlyandiya tizimi nimasi bilan boshqalardan ustun?
Standartlashtirilgan testlarning yoʻqligi sababmi?
Qisqa oʻquv kunlarimi?
Maktablarda berilgan bepul ovqat?
Yoki bundan ham muhimroq — yillar davomida shakllangan falsafa, madaniyat va tenglikka asoslangan siyosatmi?
FINLYANDIYA TAʼLIM TIZIMINING ASOSI
Finlyandiya taʼlimi juda sodda, ammo oʻta puxta falsafaga tayanadi: bolalar oʻz vaqtida oʻynashi, oʻz yoshiga yarasha rivojlanishi, taʼlim esa bosim emas, oʻsish uchun imkoniyat boʻlishi kerak. Shuning uchun ham maktab 7 yoshdan boshlanadi. Bu yoshgacha bolalar erkinlik, jismoniy faollik va ijtimoiy muloqotga yoʻnaltirilgan dasturlar orqali rivojlanadi.
Asosiy taʼlim 9 yil davom etadi va u mamlakat boʻylab deyarli bir xil darajadagi sifatni taʼminlaydi. Davlat tizimi har bir oʻquvchiga bepul darslik, oʻquv qurollari, zarurat boʻlsa transport va toʻliq issiq ovqat taqdim etadi. Buning ortida juda muhim falsafa yotadi: bolalarning taʼlim imkoniyatlari ularning oilaviy ahvoli yoki hududiy farqlar tufayli cheklanmasligi kerak.
Asosiy taʼlimdan keyin oʻquvchi qaysi yoʻldan davom etishni oʻzi tanlaydi — oliy taʼlim muassasasimi yoki kasbiy taʼlimmi. Ikkalasi ham teng qadrlanadi va ikkisi ham oʻquvchini ayirmachiliksiz ish faoliyatiga yetaklaydi. Eng muhimi — tizimning markazlashmaganligi. Milliy oʻquv dasturi mavjud boʻlsada, maktablar uni mahalliy ehtiyoj va oʻquvchilar xususiyatiga moslab ishlab chiqadi. Bu oʻqituvchilarga ijod erkinligi, oʻquvchilarga esa moslashtirilgan, oʻz feʼl-atvorlari va tashqi omillarga bevosita bogʻliq imkoniyatlariga mos va uygʻun boʻlgan taʼlim imkonini beradi.
OʻQITUVCHILAR — TIZIMNING YURAGI
Finlyandiya taʼlimidagi eng asosiy muvaffaqiyat omili bu — oʻqituvchilaridir deyish mumkin. Bu kasb jamiyatda eng hurmatli sohalardan biri boʻlib, unga kirish jarayoni nihoyatda mashaqqatli va yuqori darajadagi talablarga asoslangan tanlov orqali amalga oshiriladi. Har bir oʻqituvchi ilmiy tadqiqotga asoslangan magistraturani tugatadi. Bu jarayon ularga nafaqat pedagogik bilim, balki taʼlim jarayonini chuqur tahlil qilish, ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish, oʻz dars metodikasini mustaqil rejalashtira olishini isbotlash va chindan amalga oshira olish imkonini beradi.
Akademik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Finlyandiya oʻqituvchilari yuqori darajadagi kasbiy erkinlikka ega. Koʻp masalalarda tizim oʻqituvchilarga katta ishonch bildiradi va ularning mustaqilligini qoʻllab quvvatlaydi. Ularning dars jarayonini qanday tashkil etishlari, qanday baholash usullarini qoʻllashi, qanday metodlardan foydalanishi haqida hech qanday nazorat ishlari olib borilmaydi, ularga ota-onalar, rahbar yoki tizim tarafidan hech qanday kasbiy va shaxsiy bosim oʻtkazilmaydi. Bu erkinlik oʻqituvchining masʼuliyatini oshiradi, ijodkorligini kuchaytiradi va ularga oʻquvchilarning ehtiyojiga mos dars berishga nafaqat imkoniyat balki ishtiyoq ham beradi.
Shu bilan birga, ayrim tadqiqotlar ortiqcha nazariy tayyorgarlik ayrim amaliy koʻnikmalarning zaiflashishiga sabab boʻlishi mumkinligini ham koʻrsatmoqda. Ammo Finlyandiyaning umumiy tajribasi shuni koʻrsatadiki, oʻqituvchidan talab qilingan yuqori akademik va nazariy koʻnikmalar ularga berilgan mustaqil qaror qabul qila olish va ishdagi erkinligi bilan birlashgani uchun ham amaliy koʻnikmalarning zaiflashishiga emas aksincha amaliyotga tatbiq qilgan har bir metod va uslublarining nihoyatda yaxshi natijalarga olib kelganini koʻrsatyapti. Qisqacha aytadigan boʻlsak oʻqituvchiga qoʻyilgan yuqori akademik talablar va ularga berilgan erkinlik va mustaqillik butun taʼlim tizimining barqaror poydevoridir.
RAQOBAT YOʻQLIGI BILIMGA YOʻL BOʻSHATADI
Dunyoning koʻplab davlatlarida oʻquvchilar oʻnlab testlardan oʻtadi, maktablar reyting qilinadi, ota-onalar esa farzandlarining boshqa oʻquvchilar bilan oʻrtalaridagi bellashuvni, maktablar, tumanlar, shaharlar oʻrtasidagi raqobat va mavqe poygasini doimiy kuzatib borishadi. Finlyandiyada esa bularning hech biri yoʻq. Umumiy oʻrta taʼlim davomida oʻquvchilar standartlashtirilgan testlarga duch kelmaydi, maktablar reyting qilinmaydi, oʻqituvchilar tekshiruvchilar tomonidan nazorat qilinmaydi.
Bu jarayon oʻqishni stress emas, oʻsishga chinakam bilim olishga yoʻnaltiradi. Baholash — jarima yoki ustunlik vositasi emas, balki oʻquvchining rivojlanishini koʻrsatib beruvchi tahliliy mexanizm sifatida xizmat qiladi. Finlyandiya tizimi oʻquvchi nimani bilmasligini emas, nimani tushunayotgani, qanday oʻsayotganini aniqlashga intiladi. Bu orqali esa oʻquvchining kuchli taraflari kashf qilinishi, qiziqishlari oʻrganilishi koʻzda tutiladi.
Testlar, nazorat imtihonlaridan ozod oʻquvchilar faqatgina oʻrta taʼlim yakunida maturitet imtihonidan oʻtkaziladi. Bu test oʻquvchining hayotda oʻz yoʻlini tanlashga tayyorligini baholaydi. Shunda ham bosim emas, masʼuliyatga asoslangan shaklda oʻtkaziladi. Yaʼni oʻquvchilarning nimalarni bilib-bilmasliklari emas ular katta hayotga qadam qoʻyishga tayyor yoki tayyor emasliklarini aniqlashga va buning masʼuliyatini ularga his ettirishni maqsad qilishadi.
Soʻnggi yillarda texnologiyadan haddan ortiq foydalanish yoki hamma uchun bir xil ishlamaydigan tajribaviy usullar haqida tanqidlar boʻldi. Ammo shuni unutmaslik kerak: Finlyandiya tizimi oʻzgarishlarga ochiq, muammolarni tan oladi va ular ustida ilmiy asosda ish olib boradi.
FENOMENLARGA ASOSLANGAN TAʼLIM
Finlyandiya taʼlimi bilan bogʻliq soʻnggi yillarda jahon eʼtiborini tortgan omillarda biri — bu fenomenlarga asoslangan taʼlim. Anʼanaviy darslar koʻpincha matematika, tarix, fizika kabi mustaqil fanlarga boʻlingan boʻladi. Finlyandiya esa bu chegaralarni buzadi. Oʻquvchilar global isish, migratsiya, media savodxonligi, texnologiyaning ijtimoiy hayotga taʼsiri kabi real hayotda mavjud mavzularni bir vaqtning oʻzida turli fanlar nuqtayi nazaridan tahlil qiladi. Faqatgina bir fanni mustaqil oʻrganish uni amaliyotga tadqiq qilish uchun hech qachon yetarli boʻlmaydi, shuning uchun ham fanlararo integratsiyaning bu shaklda eng boshidanoq qoʻllanilishi juda muhim.
Bu yondashuv oʻquvchini mantiqiy fikrlashga, masalalarga yagona nuqtadan emas, balki kengroq kontekstda qaray olishga oʻrgatadi. Tadqiqotlar koʻrsatadiki, bunday darslar oʻqituvchilarning yuqori malakasi, ijodiy yondashuvi va maktabdagi umumiy hamkorlik muhiti bilan uygʻunlashganda eng yaxshi natijalarni beradi.
Shunga qaramay, fenomenlarga asoslangan taʼlim hamma oʻquvchi uchun ham ish beravermaydi, har oʻquvchiga ham oson boʻlmasligi mumkin. Oʻzini boshqarish, mustaqil oʻrganish koʻnikmalari pastroq boʻlgan oʻquvchilarga koʻproq yordam kerak boʻlishi mumkin. Ammo bu Finlyandiyaning oʻz tajribasini doimiy ravishda baholab, takomillashtirib borayotgan bir uslub va “shaxsiy rivojlanish”ni qoʻllab quvvatlashga asoslangan Finlyandiyaning oʻn yillar mobaynida sayqallab kelayotgan bir metodidir va hech bir kichik omil eʼtibordan chetda qolmaydi. Muammo sezilishi bilanoq yechimlar uchun ish boshlanadi.
Finlyandiyada oʻqituvchilar yuqori malakali va mustaqil boʻlganligi sababli bu model samarali ishlaydi. Boshqa joylarda esa ushbu usulni atrofidagi tizimni yaratmasdan turib shunchaki koʻchirib olish kutilgan natijani bermasligi mumkin.
MAKTABDA OVQATLANISH — BARQAROR TAʼLIMNING KOʻRINMAS QUDRATI
Finlyandiya taʼlimining eng samarali, biroq koʻpchilik eʼtiboridan chetda qoladigan jihatlaridan biri — bu oʻquvchilarning maktablarda bepul ovqatlanishidir. Butun mamlakat boʻylab har bir oʻquvchi har kuni issiq va balansli ovqat bilan taʼminlanadi. Bu nafaqat sogʻliqni mustahkamlaydi, balki taʼlimdagi tenglikni kuchaytiradi: hech bir bola qaysi oilada tugʻilganini maktabda his qilmaydi. Bolalarning maktabda taomlanishi shunchaki bir mif emas balki bu Finlyandiya Taʼlim Agentligi dasturlarida rasmiy shaklda qayd etilgan, qonunga kiritilgan bir qoidadir.
Ilmiy tadqiqotlar maktab ovqatining diqqat jamlanishi, xotira faoliyati va umumiy oʻquv kayfiyatiga sezilarli taʼsir koʻrsatishini tasdiqlagan. AQSHning Food & Nutrition Research jurnalida chop etilgan ProMeal tadqiqotlari va boshqa yirik ilmiy ishlar sogʻlom ovqatlangan oʻquvchilarning darslarda faolroq boʻlishini, aqliy jihatdan rivojlanishini, qolaversa uyda ham sogʻlom ovqatlanishni muammolarsiz davom ettirishini koʻrsatadi. Maktab oshxonasidagi muloqot esa oʻquvchilarning ijtimoiy rivojlanishida muhim rol oʻynaydi.
2023-yilda oʻrganilgan Tasty School modeli boʻyicha tadqiqotlar esa balanslashtirilgan ovqatlarni isteʼmol qilishning oshgani sayin tushlik vaqtida oʻquvchilar oʻrtasidagi ijtimoiy muloqotning yaxshilanganini koʻrsatdi. Yaʼni oʻquvchilar nafaqat yaxshiroq ovqatlanadi, balki bu ayni vaqtda ularning bir-biri bilan faolroq muloqotda boʻlishlariga ham taʼsir qiladi.
Public Health Nutrition jurnalida chop etilgan yana bir tadqiqot esa issiq va sogʻlom tarkibli maktab ovqatini doimiy isteʼmol qilgan finlyandiyalik bolalarning keyinchalik umumiy ovqatlanish odatlarida ham sogʻlomroq tanlovlar qilganini aniqladi — kamroq shirin, shakarli va gazli ichimliklar, koʻproq sabzavotlar va muntazam va tartibli ovqatlanish.
Bu masalaning ijtimoiy tenglik tomoni ham juda muhim: Finlyandiya maktab ovqatlanish tizimi maʼlumotlariga koʻra, maktab tushliklari tarixan bolalarda moliyaviy- ijtimoiy yetishmovchilikning oldini olgan va hozir ham kam taʼminlangan oilalar uchun muhim tenglashtiruvchi omil boʻlib qolmoqda.
Shunday qilib, maktab ovqatlari:
– oziqlanishni;
– oʻqishni;
– xulq-atvorni;
– ijtimoiy rivojlanishni;
– va tenglikni qoʻllab-quvvatlaydi.
Bu Finlyandiya tizimining kichik koʻringan, ammo nihoyatda qudratli boʻlagi — va u haqiqiy ilmiy dalillar bilan tasdiqlangan. Bu oddiy koʻringan siyosat aslida oʻquvchi farovonligining eng barqaror poydevorlaridan biri ekanligi mavzuyimiz boʻlgan Finlyandiya tarafidan toʻliq oʻz isbotini topgani ochiq-oydin koʻrinib turibdi.
SOGʻLIQ, FAROVONLIK — FINLYANDIYA TIZIMINING MAQSADI
Finlyandiya yillar davomida taʼlimni farovonlik bilan bogʻlab keladi. Ular uchun oʻquvchining ruhiy holati, psixologik xotirjamligi va maktabdagi oʻzini tutish darajasi oʻqish natijalaridan kam emas. Yirik Helsinki tadqiqotlari maktab farovonligi bilan oʻquvchilarning natijalari oʻrtasida kuchli bogʻliqlik borligini isbotlagan. Koʻplab davlatlar akademik natijalarga, standart testlarga yoki raqobatga kuchli urgʻu berayotgan bir paytda, Finlyandiya boshqacha yoʻlni tanlaydi.
Helsinki universiteti va boshqa norveg mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, oʻquvchi farovonligi “qoʻshimcha afzallik” emas — balki oʻqishning tamal, asosiy sharti sifatida qaraladi.
Finlyandiya tizimi bolalar oʻzini xavfsiz, qoʻllab-quvvatlangan va tinch his qilganida eng yaxshi oʻrganishini tan oladi.
Shuning uchun maktab kunlari qisqa, boshlangʻich sinflarda uy vazifasi juda kam, sinfda esa oʻqituvchi ishonch va emotsional xotirjamlikni shakllantirishga alohida eʼtibor beradi.
Finlyandiya farovonligi boʻyicha tadqiqotlarning muhim xulosalaridan biri shundan iboratki, oʻquvchilarga yordam imkon qadar erta koʻrsatiladi.
Taʼlim boʻyicha ilmiy adabiyotlarda keng yoritilgan Uch Pogʻonali Qoʻllab-quvvatlash Tizimi oʻquvchi biror qiyinchilikni sezishi bilanoq yordam berilishini taʼminlaydi — yillar oʻtib emas. Bu jarayon qisman maxsus taʼlim, individuallashtirilgan yordam va psixolog hamda ijtimoiy xodimlar bilan hamkorlikni oʻz ichiga oladi. Shu sababli Finlyandiyada maktablarda psixologlar, maslahatchilar, farovonlik guruhlari faoliyat yuritadi, oʻquvchilar erta yordam tizimi bilan oʻrab olingan, kichik yoshda uy vazifasi juda kam beriladi. Qisqa oʻquv kunlari ham bolalarning ruhiy salomatligini saqlab qolish uchun moʻljallangan.
Yana bir tadqiqot shuni isbotlaydiki, oʻquvchi farovonligi bilan akademik natijalar oʻrtasida kuchli bogʻliqlik mavjud: ruhiy holat barqaror boʻlsa, motivatsiya oshadi, natijalar esa oʻz-oʻzidan yaxshilanadi. Finlyandiya natijalarni “majburiy ravishda chiqarishga” urinmaydi; u natijalar paydo boʻlishi uchun sharoit yaratadi.
Bu jarayonda tenglik ham markaziy oʻrin tutadi.
Finlyandiya maktablari moliyalashtirilishida boy va kam taʼminlangan hududlar oʻrtasidagi farq imkon qadar kam boʻlishi taʼminlanadi.
OECD (Organization for Economic Co-operation and Development “Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti”) siyosiy tahlillari shuni koʻrsatadiki, Finlyandiya dunyodagi eng kichik maktablararo tafovutga ega mamlakatlardan biridir.
Farovonlik va tenglik birgalikda Finlyandiya maktab tizimining falsafiy poydevorini tashkil etadi.
Bu falsafa shuni anglatadi: muvaffaqiyat bosim orqali emas — muvozanat orqali yaratiladi.
Bolalar oʻzlarini xavfsiz, qadrlangan va tushunilgan his qilganida — ular tabiiy ravishda yaxshi oʻqiydi. Finlyandiya taʼlimi aynan shu oddiy, ammo juda kuchli haqiqatga tayanadi.
YANGI MUAMMOLAR VA OʻZGARISHLAR DAVRI
Hech bir tizim mukammal boʻlmaganidek soʻnggi yillarda Finlyandiya ham oʻzining yangi sinovlariga duch kelmoqda. Mamlakat hanuz xalqaro miqyosda hurmatga sazovor boʻlib kelayotganiga qaramay, PISA natijalaridagi pasayish tadqiqotchilar, siyosat va dastur ishlab chiquvchilar va oʻqituvchilar orasida nimalar oʻzgartirilishi zarurligi haqida keng muhokamalarga sabab boʻldi.
Baʼzi olimlar soʻnggi yillarda kuzatilgan ekran vaqtining ortishi va raqamli vositalarning juda tez joriy etilishi oʻquvchilarning diqqatini jamlash qobiliyati hamda asosiy koʻnikmalariga taʼsir qilgan boʻlishi mumkinligini taʼkidlaydi. Boshqalar esa ijtimoiy oʻzgarishlarni — tengsizlikning ortishi, migratsiya bosimi va COVID-19 pandemiyasining davom etayotgan psixologik oqibatlarini — asosiy omillar sifatida koʻrsatadi.
Shu sababli Finlyandiya bir qator oʻzgarishlarni amalga oshirishni boshladi.
2025-yilda eʼtibor va diqqat jamlashni kuchaytirish va raqamli chalgʻituvchi omillarni kamaytirish maqsadida maktab vaqtida smartfonlardan foydalanishni cheklovchi umumiy siyosat joriy qilindi.
Bundan tashqari, kichik sinflarda dars soatlari koʻpaytirildi, bu esa yosh oʻquvchilarga koʻproq oʻqituvchi yoʻnaltiruvi va nazorati ostidagi oʻrganish jarayonini taqdim etadi.
Oʻqituvchilar uchun ham qoʻshimcha yordam koʻrsatilmoqda — savodxonlik, matematika va raqamli pedagogika boʻyicha yangilangan tayyorgarlik dasturlari joriy etildi. Koʻplab munitsipalitetlar maktab psixologlari, maxsus pedagoglar va farovonlik dasturlariga koʻproq sarmoya kiritib, ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolarni cheklashga harakat qilmoqda.
Bu oʻzgarishlar shuni koʻrsatadiki, Finlyandiya oʻzining yutuqlaridan qoniqib oʻtirmaydi; u doim oʻz tajribasini tahlil qiladi, xatolarni tan oladi va yangilanadi. Bu oʻzgarishlar Finlyandiya oʻzining asosiy falsafasidan voz kechdi degani emas. Aksincha, tizimning oʻzini baholashga, zaif tomonlarini tan olishga va oʻzgarishga tayyor ekanligini koʻrsatadi. Finlyandiyaning haqiqiy kuchi hech qachon mukammallikda boʻlmagan — balki oʻzgarishga boʻlgan tayyorlikda boʻlgan.
XULOSA
Finlyandiya taʼlimi bizga bitta muhim saboq beradi: taʼlim — bu raqobat maydoni emas, balki insonni shakllantirish jarayonidir. Ularning tizimi qisqa oʻquv kunlari, bepul tushlik yoki testlarning yoʻqligi bilan mashhur boʻlishi mumkin, ammo bu faqat tashqi koʻrinishdir. Asosi — ishonchdir. Oʻqituvchiga ishonch, oʻquvchiga ishonch, maktabga ishonch va tenglikka sodiqlik.
Shu sababli Finlyandiya bolalari qoʻrquv emas, qiziqish bilan oʻqiydi. Shu sababli ular maktabni nafaqat bilim, balki hayotiy tajriba, mustaqillik va jamiyatga foydali boʻlish istagi bilan tugatishadi. Taʼlimning maromi va maqsadi shunda — insonni butun bir shaxs sifatida shakllantirishdadir.
Qolaversa butun dunyoga dongʻi ketgan bu taʼlim tizimi doimiy urgʻu berilganidek bir moʻjiza emas, balki chuqur tahlillarga asosan millatning psixologik, ijtimoiy, tarixiy kelib chiqishi va kelajakda erishishni istagan maqsadlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan va yangilanish va rivojlanishdan, oʻzgarishdan aslo va aslo toʻxtab qolmaydigan murakkab qurilishga ega bir tizimdir.
